O‘zbekiston | 08:19 / 25.01.2019
20542
3 daqiqa o‘qiladi

Mehmonxonalar tegishli kodekslar moddalarini buzgan mehmonlarni qabul qilmaydi

Foto: Depositphotos

2019 yil 23 yanvar kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining buyrug‘i loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hujjat loyihasi prezidentning 2019 yil 5 yanvardagi PQ-4095-son qarorining alohida bandlari, xususan «Qonunchilikka binoan mehmonxona xizmatlari yashash joyi (propiska), fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek, shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qat'iy nazar ko‘rsatilishi lozimligi» to‘g‘risidagi bandning ijrosini to‘g‘ri talqin qilish hamda mehmonxona xizmatlarini taqdim etadigan tadbirkorlik sub'yektlariga metodik yordam ko‘rsatish, shuningdek turizm sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlarining fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda taqdim etildi. 

Turizmning turli yo‘nalishlarini, xususan ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida hujjat loyihasiga asosan turizm sohasida faoliyat olib borayotgan sub'yektlarga o‘z bizneslarini rivojlantirish yo‘llarini va aholining ayrim toifalarini kamsitmagan holda hamda amaldagi qonun hujjatlari talablarini buzmasdan maqsadli mijozlar auditoriyasini mustaqil ravishda tanlash imkoniyati yaratiladi.

«Shu bilan birga, alohida ta'kidlashni istardikki, Qo‘mitaga tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan fuqarolarga mehmonxona xizmatlarini taqdim etishdan asossiz ravishda bosh tortgan qator holatlar haqida xabarlar berildi. Hujjat loyihasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik, ma'muriy va jinoiy kodekslari bilan tasdiqlangan qoidabuzarliklarni rad etish uchun asos bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Biz ushbu bandning matni ustida yana ish olib borish talab etayotganini tushunamiz va shu sababdan hujjat loyihasi yuzasidan takliflarni to‘plash uchun jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi», - deyiladi qo‘mita xabarida.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda va maqolalarda berilgan fikrlarni faol muhokama qilish va ko‘rib chiqilishi kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda aholining ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarning borishini to‘g‘riligidan yana bir bor dalolat beradi. 

Mavzuga oid