Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yozuvchi Asad Dilmurod olamdan o‘tdi
Taniqli yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Asad Dilmurod vafot etdi. Bu haqdagi ma'lumotni O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasidagi manba Kun.uzʼga tasdiqladi.
Ma'lum bo‘lishicha, Asad Dilmurod og‘ir xastalikdan so‘ng hayotdan ko‘z yumgan.
Asad Dilmurod 1947 yil 20 iyulda Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi Qoratepa qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan (1971). Ilk hikoyalar to‘plami — “Osmonning bir parchasi” (1978). “Tosh burgut” (1979), “Sirli zina” (1980), “Sherdor” (1986), “Mulk” va “Girih” (1989), “Tog‘lar, sukut saqlamang” (1987), “Oq ajdar sayyorasi” (2000), “Mezon burji” (2007) qissalari, “Afrosiyob sukunati” (1983), “Ko‘chki” (1991) kabi kitoblari nashr etilgan. “Mahmud Torobiy” (1998), “Fano dashtidagi qush” (2001), “Pahlavon Muhammad” (2006) singari romanlar muallifi.
Asad Dilmurod ko‘p yillar davomida “Sharq yulduzi” jurnalining nasr bo‘limini boshqargan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Nasr kengashida faoliyat olib borgan edi.
Kun.uz tahririyati marhumning oila a'zolari, yaqinlari va shogirdlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.