Jahon | 08:26 / 12.02.2019
6441
3 daqiqa o‘qiladi

Aviareyslarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish xavfli bo‘lishi mumkinligi ma'lum qilindi 

Foto: Getty Images

Internetda aviareyslarga ro‘yxatdan o‘tuvchi yo‘lovchilarning shaxsiy ma'lumotlari xakerlar tomonidan o‘g‘irlanishi mumkin. Bu haqda The Sun nashri xabar berdi

Sayyohlar aeroportlarda parvozoldi rasmiyatchiligidan o‘tishni tezlatish uchun reyslarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatidan bajonidil foydalanadilar. Biroq internet-xavfsizligi sohasidagi yirik kompaniyalar tadqiqotchilari onlayn ro‘yxatdan o‘tish vaqtida yo‘lovchilarning shaxsiy ma'lumotlari o‘g‘irlanishi mumkinligini aniqlashdi. 

Mutaxassislarning aniqlashicha, ba'zi aviakompaniyalar onlayn ro‘yxatdan o‘tish uchun shifrlanmagan havolalarni jo‘natar ekan. Sayyohlar ro‘yxatdan o‘tish va reysga talon olish uchun aviakompaniya saytiga kiradilar. Shunda xaker ham yo‘lovchi ishlayotgan Wi-Fi tarmog‘ida bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tish ma'lumotlarini osongina qo‘lga kiritishi mumkin. Bu ma'lumotlar elektron chiptalar tizimiga kirishga imkon beradi. U yerda esa bronlash bilan bog‘liq barcha shaxsiy ma'lumot saqlanadi. Jumladan, bu yo‘lovchining ismi-familiyasi, elektron pochta manzili, pasport ma'lumotlari, reys, jumladan uning vaqti, sanasi va yo‘lovchining samolyotdagi o‘rni haqidagi ma'lumotlardir. 

Shundan keyin xakerlar yo‘lovchilarning mobil telefon raqami, elekron pochta manzilini o‘zgartirib qo‘yishlari, shaxsiy ma'lumotlarni qo‘lga kiritishlari va bronga o‘zgartirishlar kiritishlari mumkin.

Tizimning ushbu zaif tomoni ilk bor 2018 yil dekabrda aniqlangan. O‘shanda mutaxassislar aviakompaniyalarga ushbu xavf haqida xabar qilishgan va ro‘yxatdan o‘tish vaqtida shifrlashni qo‘llashni hamda tizimga kirishdan oldin foydalanuvchining identifikatsiyasini talab qilishni taklif qilishgan.

Shundan keyin bir qator aviakompaniyalar mijozlarning shaxsiy ma'lumotlarini hamda to‘lov, jumladan bank rekvizitlari haqidagi ma'lumotlarni himoyalash uchun zudlik bilan choralar ko‘rishganini ma'lum qilishgan. 

Mavzuga oid