Iqtisodiyot | 14:52 / 18.02.2019
53008
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonning soliq tizimini tanqid qildi

O‘zbekistonda kompaniyalarning o‘sib rivojlanishi va bandlik bilan bog‘liq muammolarning saqlanib qolishiga, qisman, normativ hujjatlardagi yo‘riqlar ham sababchi bo‘lmoqda. Bulardan biri — ikki standart asosida ishlayotgan O‘zbekiston soliq tizimi, deb bayon qilinadi Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi e'lon qilgan hisobotda. 

«Soliq tizimida o‘rnatilgan tartib qo‘shimcha ishchi kuchini yollash, ularning bandligini  rasmiylashtirishga rag‘bat bermaydi. Negaki, soliq yuki bo‘yicha chegara nuqtasi ishchilar soni bilan o‘lchanadi. Bu esa optimal bo‘lmagan bandlik koeffitsiyentiga sababchi bo‘lyapti, ishchi kuchidan norasmiy foydalanishga undaydi, shuningdek, turfa daraja va makondagi iqtisodiyotdan mahrum etadi», — deyiladi hisobotda.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 22-moddasida ta'kidlanishicha, mikrofirmalar va kichik korxonalar — belgilangan mezonga xodimlarining soni bo‘yicha mos keladigan yuridik shaxslar.

Hisobotda aytilishicha, alohida kompaniya va subsektorga berilgan soliq imtiyozlari vaziyatni yanada chigallashtiradi. O‘zbekistonning eksportdagi raqobatbardoshligi oxirgi o‘n yillikda tushib ketgan. 

«Qo‘shni mamlakat — Qozog‘istonning bu boradagi raqobatbardoshligi 14 foizga oshdi, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani havzasi mamlakatlarida esa bu ko‘rsatkich 42 foizni tashkil etdi», — deyiladi unda.

Mavzuga oid