O‘zbekiston | 18:01 / 20.02.2019
4618
2 daqiqa o‘qiladi

IIV Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi aholiga murojaat bilan chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasining respublika aholisi hamda tashkilot, korxona va muassasalarning rahbarlariga murojaatnomasini e'lon qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

«Aziz hamyurtlar! Ob-havoning sovib ketishi natijasida gaz hamda elektr isitish moslamalaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj ortib boradi. 

Bunday paytlarda ayrim fuqarolarning ehtiyotsizligi oqibatida ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lishi mumkin.

Ularning oldini olish maqsadida, gaz va elektr uskunalardan hamda isitish moslamalaridan foydalanishda quyidagi yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilishingizni so‘raymiz:

  • qo‘lbola va nosoz gaz va elektr isitish moslamalaridan foydalanmang;
  • isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiyasi va yo‘riqnomasi talablariga rioya qiling;
  • isitish moslamalari yaqinida yonuvchan buyum va oson alangalanuvchi mahsulotlarni saqlamang;
  • gaz uskunalarini ulash tartib-qoidalariga rioya qiling;
  • mabodo gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘ring va bu haqda gaz xizmatiga xabar bering;
  • isitish pechlari va ularning mo‘rilarini sozligiga e'tibor bering.

Ushbu qoidalarga rioya etish bilan Siz, o‘zingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni yong‘indan asrab qolgan bo‘lasiz», – deyiladi murojaatnomada.