O‘zbekiston | 16:06 / 04.03.2019
20029
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri toliblar bilan Afg‘oniston masalasini muhokama qildi

Foto: Flickr

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Dohada yakshanba kuni «Tolibon» harakati delegatsiyasi rahbari Baradar Oxund bilan uchrashdi va u bilan Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni, shuningdek, Afg‘onistonga iqtisodiy yordam ko‘rsatish masalasini muhokama qildi. Bu haqda toliblar vakili Zabiulla Mujohid xabar berdi, deb ma'lumot tarqatdi Interfaks.

Toliblarning OAV uchun bayonotida aytilishicha, Qatardagi muzokaralarda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev ham ishtirok etgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonda tinchlikka erishish yo‘lida hamkorlik qilish va mamlakat iqtisodiy sektorida yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, rasmiy Toshkent vakillarining ma'lum qilishicha, O‘zbekiston «Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashishni istamaydi».

Oxund, o‘z navbatida, toliblar O‘zbekistonning tinch yo‘l bilan yechim topishga qaratilgan sa'y-harakatlarini ma'qullashi haqida ma'lum qildi va Afg‘onistonni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Mavzuga oid