O‘zbekiston | 01:53 / 07.03.2019
6493
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Bojxona instituti kursantlari bilan uchrashdi

5 mart kuni Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuriya O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Mazkur tashrif davomida O‘zbekiston bojxona vakillari va bo‘lajak mutaxassislar uchun turli seminar va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Kecha, 6 mart kuni tashkilot bosh kotibi Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona institutida bo‘lib, ta'lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va kursantlari bilan uchrashdi. Bu haqda institut matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.

Foto: Oliy harbiy bojxona instituti matbuot xizmati

Bojxona instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  2018 yil 2 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan qayta tashkil qilingan edi.

Uchrashuvda Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibiga mazkur qaror asosida qayta tashkil qilingan institutda ta'lim uchun xalqaro standartlar asosida yaratilgan imkoniyatlar, kursantlar tomonidan bojxona sohasiga doir qilinayotgan tadqiqot ishlari haqida batafsil ma'lumot berildi.

Foto: Oliy harbiy bojxona instituti matbuot xizmati

Qaror bilan mustahkamlangan yana bir yangilikka ko‘ra, kelgusida bojxona xodimlarining bevosita Jahon bojxona tashkiloti bosh Kotibiyatida, xorijiy o‘quv dargohlarida amaliyot o‘tashlari yo‘lga qo‘yiladi, PICARD (Partnership in Customs Academic Research and Development) dasturi bo‘yicha Bojxona institutiga xalqaro akkreditatsiya berish ham nazarda tutilgan.

Xabarda aytilishicha, institutda kursantlarning ta'lim olishi borasida qilinayotgan shu va boshqa o‘zgarishlar nufuzli mehmonda ijobiy taassurot qoldirgan.

Ma'lumot uchun, Kunio Mikuriyaning tashrifi bugun o‘z nihoyasiga yetadi.

Mavzuga oid