Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiya tashkil etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjat bilan xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo‘yicha Xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘magidagi komissiya tashkil etildi.
Quyidagilar Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi:
mamlakatda gender tenglikni ta'minlashga va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ayollarning gender tengligi buzilishiga oid murojaatlarini ko‘rib chiqish;
kasbiy segregatsiya, ish haqi o‘rtasidagi farq, aholining iqtisodiy faol qatlami orasida ayollarning ulushini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha umume'tirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
ayollarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash va samarali amalga oshirilishini ta'minlash hamda keng qamrovli targ‘ibot ishlarini tashkil etish.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bilan birgalikda ikki oy muddatda:
a) quyidagilarni nazarda tutuvchi “Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va teng imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:
gender tenglik tushunchasi va turlari;
vakolatli organlarning vazifalari va funksiyalari;
davlat boshqaruvida ishtirok etish, ishga qabul qilish yoki yollash, kredit olish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishda gender tenglikni ta'minlashga oid normalar;
gender tenglik buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek bunday buzilishga olib keladigan qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik;
b) quyidagilarni nazarda tutuvchi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:
maishiy, ish joyidagi va ta'lim muassasalaridagi tazyiq va zo‘ravonliklar turlari;
vakolatli organlarning vazifalari va funksiyalari;
tazyiq va zo‘ravonliklarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik;
sudgacha va sud jarayonida tazyiq va kamsitishlarga duchor bo‘lgan shaxslarni himoya qilishga qaratilgan protsessual kafolatlar.
Mavzuga oid
09:55 / 15.10.2024
Avtobus yo‘laklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
07:16 / 20.08.2024
Sanoatni boshqarishning vertikal tizimi joriy etiladi
07:40 / 17.08.2024
Kriptologiya sohasida idoralararo ekspert guruhi tashkil etiladi
07:15 / 24.07.2024