O‘zbekiston | 21:09 / 12.03.2019
5026
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportida axborot-turizm markazi ochildi

Toshkent xalqaro aeroportining o‘tgan yil iyul oyida foydalanishga topshirilgan yangi terminalida axborot-turizm markazi ochildi. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan ishga tushirilgan axborot-turizm markazida sayyohlarga O‘zbekiston to‘g‘risida zarur ma'lumotlar taqdim etiladi.

«Sayyohlarga xizmat ko‘rsatish markazi» DUK qoshidagi axborot-turizm markazi xodimlari taksi, mehmonxona, yotoqxona va boshqa yashash yerlarini bron qilishga, o‘sha yerning o‘zida sim-kartalar xarid qilib, mobil aloqaga ulanishga, transfer hamda Toshkent bo‘ylab ekskursiya amalga oshirish uchun avto transport bilan ta'minlashga yordam berishadi.

Xalqaro aeroportning qo‘nish zalida tranzit bilan tashrif buyurgan xorijlik fuqarolar uchun zaruriyati bo‘lganida Toshkent shahri va Respublika bo‘ylab ekskurcion turlar tashkil etiladi.
Shu maqsadda joriy yilda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahridagi xalqaro aeroport avtoturargohida transport xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilarning yangi shinam avtomobillari xarid qilindi.

O‘zbekistonning boshqa shaharlaridagi aeroportlarda ham yaqin vaqt ichida shu kabi axborot-turizm markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda», deya O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Kasimxodjayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ulug‘bek Kasimxodjayev

Ma'lumot uchun, Toshkent xalqaro aeroportining ushbu terminali bir soat ichida 1200 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata olishi mumkin.

Mavzuga oid