Jamiyat | 21:26 / 18.03.2019
31472
9 daqiqa o‘qiladi

Qarz oldi-berdisida nimalarga e'tibor berish kerak?

Fuqarolar tez-tez murojaat etadigan bitimlar, shuningdek qarz shartnomasining qonunchilik asoslari har tomonlama mustahkamlangan bo‘lishiga qaramasdan, sudlarda qarz­ni undirish bilan bog‘liq nizolar soni hali ham kamayayotgani yo‘q.

Xususan, fuqarolik ishlari bo‘­yicha Jizzax viloyat sudlari tomonidan 2017 yil va 2018 yilning to‘qqiz oyi davomida ko‘rib chiqilgan qarz undirish bilan bog‘liq ishlar tahlili misolida bu turdagi murojaatlar son jihatidan ortganligini ko‘rish mumkin.

2017 yilning to‘qqiz oyida qarz shartnomasi bilan bog‘liq 252 ta fuqarolik ishi ko‘rib tamomlangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2018 yilning shu davrida 368 tani tashkil etgan. Agar 2017 yilning to‘qqiz oyida 205 ta ish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori qa­bul qilingan bo‘lsa, 2018 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 335 taga yetgan.

Yoki ana shu qarz shartnomasiga oid 198 ta ish 2017 yilning to‘qqiz oyida qanoatlantirilgan bo‘lsa, 2018 yilning shu davrida bu raqam 104 taga ortgan, ya'ni 302 ta da'vo qanoatlantirilgan.

2017 yilning tegishli davrida 2 milliard 270 million 95 ming 373 so‘m, 2018 yilning ana shu davrida esa, 3 milliard 416 million 883 ming 795 so‘m qarz sud qarori bilan undirib berilgan.

Xo‘sh, qarz oldi-berdisi bi­lan bog‘liq murojaatlar son jihatdan kamaymayotganining sababi nimada?

Bu, avvalambor, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy ma­daniyati oshib borayotgani, sudlarga nisbatan ishonchi or­tayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, ushbu holat qarz beruvchi va qarz oluvchilar o‘z huquq va majburiyatlarini to‘­liq bilmasligi hamda qarz shartnomasini to‘g‘ri rasmiylashtirmayotganiga ham borib taqaladi.

Shunday ekan, fuqarolar qarz shartnomasi bilan bog‘liq qonun normalari va huquqiy asoslarni bi­lib qo‘yishi hech qachon foydadan xoli bo‘lmaydi.

Fuqarolik kodeksining 732-moddasida belgilanganidek, qarz shartnomasi bo‘yicha bir taraf — qarz beruvchi ikkinchi tarafga, ya'ni qarz oluvchi­ga pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan bosh­qa ashyolarni mulk qilib beradi. Qarz oluvchi esa, qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘­lib, o‘shancha summadagi pulni yo qarzga olingan ashyolarning xi­li, sifati va miqdoriga ba­­ravar ashyolarni yoxud qarz summasini qaytarib berish majburiyatini oladi.

Qarz shartnomasi shartiga ko‘ra, qiymatga ega olingan narsa shartnomada ko‘rsatilgan vaqtda qaytarilishi lozim. Bordi-yu, qaytarish muddati shartnomada ko‘rsatilmagan bo‘lsa, qarz qarzni beruvchi ta­­­­lab qilgan vaqtda qaytarilishi kerak.

Qarz shartnomasining bosh­qa shartnomalardan farqlanadigan, yuridik ahamiyatga ega o‘ziga xos xususiyatlari mavjud.  

Birinchidan, qarz shartnomasi real bo‘lib, uning ma'nosi shundaki, shartnoma narsa, pul yoki ashyoni qarz beruvchi qarz oluvchiga topshirish paytidan vujudga keladi va xuddi shu vaqtdan shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Ikkinchidan, qarz shartnomasi bir tomonlama shartnoma hisoblanib, bir taraf — qarz beruvchi qarz berish hu­quqiga ega bo‘lsa, ikkinchi tomonda qarz narsasini qaytarish majburiyati vujudga keladi.

Uchinchidan, shartnomaga ko‘­ra, qarzdor olgan mulkdan foydalanib, uni boshqarish hu­quqi berilganligi tufayli mulkning vaqtinchalik egasi hisoblanadi.

To‘rtinchidan, qarz shartnomasi aksariyat hollarda tekinga tuziladi.

Qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda foizlar olishga yo‘l qo‘­yiladi.

Fuqarolar o‘rtasida qarz summasi eng kam ish haqining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, shartnoma oddiy yozma shaklda tuzilishi shart.

Shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lganida esa, summasidan qat'i nazar qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak.

Agar taraflarning ikkalasi ham yuridik shaxs hisoblansa, ular o‘zaro shartnoma tuzishga haqli. Bir taraf yuridik, ikkinchi taraf jismoniy shaxs bo‘lganda, albatta, shart­noma notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.

Agar qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoxud muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlar mavjud bo‘lsa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.

Bordi-yu, qarz majburiyati qarz oluvchi tomonidan veksel, obligatsiya yoki qarz summasini va qarz beruvchining uni undirib olish huquqini belgilaydigan boshqa qimmatli qog‘oz bilan tasdiqlangan bo‘lsa, bunday holda qarz shart­nomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.

Shu o‘rinda fikrimizni sudda ko‘rilgan bir fuqarolik ishi misolida davom ettiramiz. Da'vogar A. G‘aybullayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) javobgar S. Ismatovga nisbatan sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilgan. Unda javobgardan 14 million so‘m qarzni undirishni so‘ragan.

Birinchi bosqich sudining 2018 yil 15 maydagi hal qiluv qarori bilan da'vogar A. G‘aybullayevning javobgar S. Ismatovga nisbatan qarzni undirish haqidagi da'vo talabi qanoatlantirilgan. Javobgar S. Ismatovdan da'vogar A. G‘aybullayevga 14 million so‘m qarz va 280 ming so‘m davlat boji, jami 14 million 280 ming so‘m undirish belgilangan.

Sudning mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan javobgarning ishonchli vakili tomonidan kassatsiya shikoyati keltirilib, unda ushbu ish bo‘yicha qa­bul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilish so‘ralgan.

Kassatsiya sudlov hay'atining ochiq sud majlisida aniqlanishicha, S. Ismatov tomonidan 2017 yil 19 sentyabrda yozilgan tilxatda u A. G‘aybullayevdan 2017 yilning 8 avgust kuni 14 million so‘m qarz olgani va qarzni 2017 yil 1 noya­br kuniga qadar qaytarishi ko‘rsatilgan.

Biroq javobgar tomonidan qarz majburiyati bajarilmagan. Shu sababli da'­vogar sudga qarzni undirishni so‘rab murojaat qilgan.

Fuqarolik kodeksining 733-moddasi 3-qismiga ko‘ra, agar qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoki muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlar mavjud bo‘l­sa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi. Mazkur kodeksning 735-moddasi 1-qismiga ko‘ra, qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart.

Kassatsiya sudlov hay'ati ish hujjatlarida javobgarga qarz berilganligini tasdiqlovchi tilxat mavjudligi, bugunga qadar olingan qarz qaytarilganligi haqida ishda da­lillar yo‘qligini inobatga olib, birinchi bosqich sudi da'voni qanoatlantirish ha­qi­da to‘g‘ri xulosaga kelgan, deb hisobladi.

Fuqarolik protsessual kodeksining 1-qismiga ko‘ra, har bir taraf o‘zining talab va e'tirozlariga asos qilib ko‘r­satgan holatlarni isbotlashi shart. Gap shundaki, javobgar tilxat majburlab yozdirilganligi, qarz aslida 14 million emas, aksincha, 5 million 600 ming so‘m ekanini vaj qilib ko‘rsatgan bo‘lsa-da, e'tirozini tasdiqlovchi dalillarni sudga taqdim qilolmadi.

Shunday qilib, ushbu qarz oldi-berdisi bilan bog‘liq fuqarolik ishi yuzasidan birinchi bosqich sudi tomonidan qabul qilingan hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, kassatsiya shikoyati esa, qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Qisqacha aytganda, qarz shart­nomasi shartlariga to‘­liq rioya etish ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olib­­gina qolmay, taraflarning qonuniy manfaatlarini ham ta'minlaydi. Shu bilan birga, bu qarz oldi-berdisi ishtirokchilari o‘rtasidagi iliq munosabatga darz yetishdan asraydi.

Xurshid EShMURATOV,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Jizzax viloyati sudining sudyasi

Mavzuga oid