Jamiyat | 21:49 / 22.03.2019
13051
2 daqiqa o‘qiladi

Range Rover Evoque’ning xitoycha “kloni”ni sotish taqiqlandi

Xitoy sudi Range Rover Evoque’ning nolisenzion nusxasi – Landwind X7 krossoverini ishlab chiqaruvchi Jiangling Motor Holding kompaniyasini plagiatda aybdor deb topdi.

Landwind X7

Odatda Xitoy sudi Xitoy ishlab chiqaruvchilari tomonini olgan. Biroq Jaguar Land Rover kompaniyasi bu borada birinchi bo‘lib vaziyatni o‘zgartirib, Xitoyda intellektual mulkka huquqlarini himoya qila oldi.

Britaniya va Xitoy avtomobil kolmpaniyalari o‘rtasidagi bahs Landwind X7 2014 yilda chiqarilgandan beri davom etib kelgan. Jaguar Land Rover Xitoy kompaniyasini avtomobil sotuvga chiqarilgan 2015 yilda sudga bergan. O‘shanda Xitoy kompaniyasi mazahona tarzda va soxta afsuslanish bilan konveyer ishga tushirilgani, reklamaga pul tikilgani sababli hech narsa qila olmasligini aytgan.    

Jaguar Land Rover

Bir yilcha avval Landwind X7 restayling qilingan. Biroq bu sudni mashina nusxa emas, balki original ishlanma ekanligiga ishontira olmagan. Intellektual mulkka huquqni himoyalash qonuniga ko‘ra, dizaynida boshqa modelning o‘ziga xos 5 ta jihati mavjud bo‘lgan avtomobil plagiat deb hisoblanadi. Shunga ko‘ra, Xitoy yo‘ltanlamasi britan modelining “kloni” deb topilgan.

Sud taftishlari natijalariga ko‘ra, Landwind X7 ishlab chiqarilishi va sotilishi taqiqlandi. Shuningdek, Xitoy kompaniyasi britan konserniga moddiy kompensatsiya to‘lab beradi.  

Mavzuga oid