Light | 22:18 / 24.03.2019
17209
4 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz bilan fotosayohat: Bokudagi Icheri shahar sayyohlarning sevimli maskani

Boku shahridagi Icheri shahar tarixiy-me'moriy yodgorligi ko‘p yillardan beri Ozarboyjonga tashrif buyuruvchi sayyohlarning sevimli maskanlaridan biri hisoblanadi. Tarixiy binolar, tor ko‘chalar, savdo rastalari, qadimgi va zamonaviy ruhdagi restoran va kafelar hamda mehmonxonalar hech kimni befarq qoldirmaydi. Kun.uz "Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona ko‘prik" mediaturi doirasida sizlarni Icheri shahar bo‘ylab fotosayohatga taklif etadi.

Bokuning markazida joylashgan ushbu tarixiy maskanni "Eski shahar" yoki "Icheri shahar" deb atashadi. Icheri shahar Bakuning "yuragi"dir, aynan shu yerda, dengiz yaqinidagi tepalikda qadimiy Boku tashkil topgan.

Icheri shahar Bokuning eng qadimiy turar-joyi hisoblanadi. U 1977 yilda tarixiy-me'moriy yodgorligi deya e'lon qilingan, 2000 yilda esa YuNeSKO butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Ba'zilar Icheri shaharni qal'a deb ham atashadi, bunga uning shu kunlargacha yaxshi saqlanib qolgan qal'a devorlari bilan o‘ralgani sababdir. Icheri shahar hududida Bronza asridayoq odamlar yashagan, VIII-XI asrlarda u to‘liq odamlar yashaydigan turar-joyga aylangan.

Maydoni 22 gektardan iborat Icheri shahar hududida yuzlab tarixiy yodgorliklar mavjud. Ulardan 28tasi davlat darajasidagi, 3tasi dunyo miqyosidagi ahamiyatga ega.

Shirvanshohlar saroy majmuasi

Qal'a devorlari ichida ko‘plab noyob obidalar saqlanib qolgan: Shirvonshohlarning saroy majmuasi, devonxona, Qiz qal'asi, masjid va minoralar, karvon-saroy va hammomlar qoldiqlari va h.k. Yer yetishmovchiligi sabab bu yerda azaldan binolar devorlari bir-biriga yaqin joylashgan. Icheri shaharda bog‘-rog‘lar yo‘q, u tor va boshi berk ko‘chalardan iborat.

Qiz qal'asi

XV asrda shirvanshohlar o‘z poytaxtini Shemaxidan Bokuga ko‘chirgan vaqtda Icheri shaharda ommaviy qurilishlar boshlangan, ayni shu davrda qal'a javohiri hisoblangan Shirvonshohlar saroyi qurilgan.

Qal'a devorlarining o‘zi ham ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otadi. Qachonlardir Bokuda bunday devorlar ikkita bo‘lgan, biroq XIX asr boshlarida shahar shu darajada tez o‘sganki, tashqi devorni buzib, turar-joylar qurishga to‘g‘ri kelgan, shu bois faqat ichki devor qolgan. Unda 25 obida va 5 darvoza saqlanib qolgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, XX asrning 30-yillariga kelib qal'ada 900 dan ortiq bino bo‘lgan, XXI asr boshiga kelib esa ularning faqat yarmi saqlanib qolgan.

Icheri shahar ko‘chalari va savdo rastalarida bo‘ylab sayr qilar ekansiz, vaqtingiz qanday o‘tganini bilmay qolasiz. Bu yerdagi do‘konlarda Ozarboyjonning xilma-xil milliy hunarmandchilik mahsulotlari sayyohlar va mahalliy aholi e'tiborini jalb qilib keladi.

Ko‘pchilikka ma'lumki, "Brilliantovaya ruka" filmining mashhur epizodlari Icheri shahar ko‘chalarida olingan,sayyohlar bu joyni atay qidirib kelib, filmdagi kabi suratga tushishadi.

Mavzuga oid