Jahon | 17:50 / 25.03.2019
71700
6 daqiqa o‘qiladi

Nur-Sulton birinchisi emas. Nomi o‘zgargan shaharlar

© Boris Grushin/TASS

Qozog‘iston poytaxti nomining Ostonadan Nur-Sultonga o‘zgartirilishi va bu nomlanish 125 mln dollarga tushishi katta shov-shuvlar ko‘tardi, muhokamalar va hatto mojarolarga sabab bo‘ldi. Ammo moziy, hatto yangi tarix ham qator yirik shaharlarning nomi turli sabablarga ko‘ra o‘zgarishiga guvoh bo‘lgan.

MDH

Leningrad – Sankt-Peterburg

Leningrad, 1960-yillar
Sankt-Peterburg, 2018 yil
Foto: Piter.TV

SSSR jahon xaritasidan o‘chganidan keyin uning merosi va mafkurasini eslatuvchi qator nomlardan voz kechildi. Shu doiradagi harakatlardan biri Leningrad shahri va oblasti nomlarini Sankt-Peterburgga o‘zgartirishga urinishlar bo‘ldi.

Dastlab Leningrad shahrida shaharni Sankt-Peterburgga o‘zgartirish bo‘yicha tezkorlik bilan o‘tkazilgan referendumda ko‘pchilik buni yoqlagan bo‘lsa-da, ikkinchi bosqichda — oblast nomini ham o‘zgartirishda katta noroziliklar yuzaga keldi va ko‘pchilik har ikki nomni saqlab qolish talabi bilan ko‘chalarga chiqdi.

Ular «Men Sankt-Peterburg uchun jangga kirmagandim!», «Tarixni unutma, Sankt-Peterburg blokadasi bo‘lmagan», «Ahmoqona nomlashlar uchun sarflanuvchi 140 millionni kim to‘laydi?!» kabi shiorlar ko‘tarib chiqishgandi. Shu noroziliklar sababmi, oldingi nomning ikkinchi jahon urushidagi ahamiyati tufaylimi, oblast nomi o‘zgartirilmadi va hanuz Leningrad deb nomlanadi.

Stalinobod va Leninobod Tojikistonning bosh shaharlari edi

Dushanbe shahrining 1929—1961-yillar davomida, ya'ni oz emas ko‘p emas 32 yil mobaynida Stalinobod deb nomlanganini ko‘pchilik unutib yuborgan. Ammo bu davlatning ikkinchi yirik shahri nomi Leninoboddan Xo‘jandga o‘zgartirilgani aynan mustaqillik sharofati bilan ro‘y bergan va buni hamma, jumladan O‘zbekiston ahli ham yaxshi biladi. Har ikki shaharning har ikki tomonlama o‘zgaruvi ham tinch yo‘l bilan kechgan.

Sverdlovskdan Yekaterinburgga

Sverdlovsk, 1959 yil
Foto: LiveJournal
Yekaterinburg, 2018 yil
Foto: Meteo-tv

Bu shaharga 1723 yilda asos solingan va 1924 yilga qadar Rossiya tarixida ulkan iz qoldirgan imperator Yekaterina sharafiga atalib kelingan. Qizillar inqilobidan keyin bu tarixdan voz kechildi va shahar bor yo‘g‘i 34 yil yashagan bo‘lsa-da, ham inqilob ishida, ham qizil terrorda va hatto shoh oilasi qirg‘inida faollik ko‘rsatgan Yakov Sverdlov nomiga Sverdlovsk deb o‘zgartirib yuborildi.

Ammo 1991 yilga kelib yana nom o‘zgardi va Sverdlovsk Yekaterinburgga aylantirildi.

Stalingraddan Volgogradga

Stalingrad, 1980-yillar
Foto: GETTY IMAGES
Volgograd, 2018 yil
Foto: InoSMI

1589 yilda asos solingan va 1925 yilga qadar Tsaritsin deb atab kelingan bu shahar ham «xalqlar dohiysi» sharafiga Stalingrad deb ataldi. Bu ish dohiyni ulug‘lashdagi navbatdagi qadamligicha qolishi mumkin edi. Ammo ikkinchi jahon urushida aynan shu shahar Stalin va Gitlerning jon achchig‘idagi kurash maydoniga, prinsipial qat'iyatlar ramziga aylanib ketdi. Stalingrad qirg‘ini hamon tarixchilar tomonidan eng shafqatsiz muhorabalardan biri deb aytiladi va har bir qarich yer uchun jang qilgan askarlarning bu maydondagi o‘rtacha umri 2 soatga tengligi hisoblab chiqilgan. Ya'ni, mutlaq ko‘pchilik tutdek to‘kilgan, ularning aksariyati yosh yigitchalar edi.

1961 yilga kelib, shaxsga sig‘inish qoralanishi davrida Stalingrad nomi Volgograd deb o‘zgartirildi.

Kenigsbergdan Kaliningradga

Ikkinchi jahon urushi yakuniga ko‘ra, SSSR ko‘plab yutuqlar qatorida Kenigsberg shahrini ham o‘ziniki qilib oldi. Shahar eski nomida qolishi mumkin emasdi. 1946 yilga kelib shoshilinchda nom o‘zgartirish zarurati paydo bo‘ldi va uni «ittifoq oqsoqoli» deb ulug‘lanuvchi, yaqinda vafot etgan Kalinin sharafiga Kaliningrad deb o‘zgartirishdi. Ammo Mixail Ivanovich Kalininning bu shaharga biror jihatdan aloqasi bo‘lmagan.

Frunzedan Bishkekka

Qirg‘iziston poytaxti dastlab Pishpek deb nomlangan. Ammo 1926 yilda, inqilob epkinida shahar nomi Frunze deb o‘zgartiriladi. 1991 yilda, Qirg‘iziston ham o‘z mustaqilligiga ega bo‘lgach, bu poytaxt shaharga Bishkek nomi berildi. Ammo qirg‘iz birodarlar bu o‘zgarish bilan ham to‘xtalib qoladiganga o‘xshamayapti. So‘nggi ma'lumotlarga qaraganda, Qirg‘izistonda poytaxt Bishkekni Manas deb o‘zgartirish taklif qilingan. Bunday tashabbus prezident apparatining sobiq rahbari, davlat maslahatchisi Emilbek Kaptagayev tomonidan ilgari surilgan.

O‘zbekistonda ham mustaqillikdan keyin joy nomlarini o‘zgartirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilgan. Ammo mamlakatimizda yirik shaharlar nomi o‘zgarishi kuzatilmay, asosan tumanlar va kichik aholi hududlari doirasida ish olib borilgan.

Jahonda

Nyu-Amsterdamdan Nyu-Yorkka

Dunyoning eng yirik shaharlaridan biri, biznes va moliya markazi bo‘lgan bu maskan 1664 yilga qadar Nyu-Amsterdam deb atalgan. Sababi bu hududga golland koloniyachilari joylashgan edi. Ammo vaqt o‘tib, ular hududni inglizlarga boy berishadi va shahar nomi ham Angliyaning York shahridan kelib chiqib Nyu-Yorkka o‘zgartiriladi.

Shuningdek Istanbul bir vaqtlar Konstantinopol bo‘lganini ko‘pchilik biladi. Lekin Parij nomi Lyutetsiya, Tokio – Edo (1868 yilga qadar), Pekin – Peyping, Oslo – Kristianiya, Kopengagen – Gavn, Ottava – Baytaun, Kinshasa – Leopoldvil, Xelsinki – Gelsingfors bo‘lganidan ko‘pchilik bexabar bo‘lsa kerak.

Abror Zohidov

Mavzuga oid