Jahon | 16:13 / 03.04.2019
20231
2 daqiqa o‘qiladi

Dushanbeda haydovchilar jurnalistlarning hazilini chin qabul qilishdi

Foto: Asia-Plus

1 aprel kuni Tojikistonning yirik internet nashrlaridan biri «Aziya-plyus» o‘quvchilari bilan hazillashishga qaror qildi. News.tj saytida «Dushanbeda 1 apreldan boshlab marshrutkalar tik turgan odamlardan haq olmaydi» sarlavhasida xabar paydo bo‘ldi.

«1 apreldan boshlab Dushanbeda avtobus, trolleybus va marshrutkalarda tik turgan holatda ketayotgan yo‘lovchilar yo‘l haqidan ozod qilindi. Shahar hokimiyati bu bilan jamoat transportidagi tirbandlik muammosini hal qildi. Tik turgan holatdagi yo‘lovchilarni olib ketayotgan jamoat transporti jarimaga tortiladi», deyilgandi xabarda.

Bu hazilni chin deb qabul qilgan haydovchilar o‘tiradigan o‘rinlar to‘lgach, boshqa odam olmay, yo‘lovchilarga «Baxshish, namegirem» (kechirasiz, ololmaymiz) deb javob berishgan. Marshrutkalar bekatlarda odamlarni olmagach, yo‘lovchilar shikoyat qilishgan. Haydovchilar esa dizel qimmatlashgani, shundog‘am xarajatlarini qoplay olmayotgan vaqtda jarima to‘lashni istamasliklarini aytishgan.

Tik turganlar uchun yo‘lkira tekinligi haqidagi xabarni tarqatgan «Aziya-plyus» jurnalistlari ham marshrutkalar to‘lgach, bekatlarda to‘xtamasligidan «jabrlanishgan». Ayollar mashinalar bolalarni olmayotganidan arz qilishgan. DAN xodimlaridan biri birorta jamoat transportida ortiqcha odam yo‘qligini ko‘rib shunday deydi: «Bunaqasini anchadan beri ko‘rmagandim».

Tojikiston qonunchiligiga ko‘ra, marshrutkalar tik turgan yo‘lovchilarni tashiganlari uchun 55-110 (1 somoniy – 892 so‘m) somoni miqdorida jarima to‘lashadi. Agar bunday qoida buzish yana takrorlansa, jarima miqdori oshadi va haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilishi ham mumkin. Dushanbe shahri rahbariyati ma'lumotiga ko‘ra, ayni damda poytaxtda 2 900ta jamoat transporti vositasi bor va ulardan 80 foizi xususiy hisoblanadi.

Mavzuga oid