Jamiyat | 15:57 / 09.04.2019
13842
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘zbo‘yamachilik: namunali maktablarda imtihonda o‘quvchi o‘rniga boshqa o‘quvchi kirganligi aniqlandi 

Foto: Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Respublikamizning barcha hududlarida belgilangan umumta'lim muassasalari reytingini aniqlash doirasida nazorat ishlari va so‘rovnomalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur jarayon joriy yilning 8 aprel kuni boshlandi va 15 aprelgacha davom etadi. 

“Bugun mamlakatimizdagi umumta'lim muassasalarining qator xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishlari uchun tayyorgarlik ishlari olib borilayotgan bir paytda, mahalliy reyting natijalarini aniqlash jarayonida ko‘zbo‘yamachilik qilayotgan maktablarimiz ham yo‘q emas”, deb yozadi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimlari tomonidan Buxoro shahridagi 17-sonli maktabda imtihon jarayonida 3 nafar o‘quvchi o‘rniga boshqa o‘quvchilarning imtihonga kirganligi, 35- va 38-sonli maktablarda ham imtihon olinayotgan sinfga boshqa sinf o‘quvchilarining kiritilganlik holatlari aniqlandi. Ushbu jarayonda imtihon to‘xtatilib, dalolatnoma tuzildi.

“Mazkur maktablar Xalq ta'limi vazirligi tomonidan reytingda ishtirok etish uchun viloyatdagi eng namunali maktab sifatida tanlanib, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga taqdim qilingan. Vaholanki, bildirilgan ishonchni oqlamayotgan mazkur umumta'lim muassasalari rahbarlari bugun kimni aldamoqda? 2021 yilga kelib, PISA, PIRLS xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etishda ular qanday yo‘l tutishar ekan?”, deya savol qo‘yiladi inspeksiya tomonidan. 

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi reytingda ishtirok etayotgan umumta'lim muassasalari rahbarlaridan imtihonning tashkiliy jarayonlarida turli “qing‘ir yo‘l”larni amalga oshirishga harakat qilmasliklarini so‘ragan.

Mavzuga oid