O‘zbekiston | 13:52 / 11.04.2019
17879
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yil boshidan beri necha nafar shaxs ozodlikdan mahrum qilindi?

Foto: Shutterstock

2019 yilning birinchi choragida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 9 946 nafar shaxsga nisbatan 7 750 ta ish ko‘rib chiqildi. Mazkur ko‘rsatkichlar 2018 yilning shu davriga nisbatan shaxslar bo‘yicha 31,5 foizga, ishlar bo‘yicha esa 29,9 foizga kamaygan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar bermoqda.
 
Jumladan, 147 nafar shaxs oqlangan va reabilitatsiya qilingan, sudlangan shaxslar soni 7 649 nafarni tashkil etib, shundan 1 954 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 5 309 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlangan, 386 nafar shaxs shartli hukm qilingan.
 
Shuningdek, 708 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilingan, 6 218 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 1 928 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirilgan, 1 814 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlangan yoki qayta malakalangan. 
 
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ayrim jinoyat turlari, xususan, qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, o‘g‘rilik, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish, bezorilik, transport vositasini olib qochish, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish kabi jinoyatlari uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari kamaydi, deyiladi xabarda.
 
Bildirilishicha, hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 1 804 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
 
Yetkazilgan 115,4 mlrd. so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 953 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.
 
3 544 ta jinoyat ishi, ya'ni barcha ishlarning qariyb 45,7 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi. 
 
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan nazorat tartibida 297 nafar shaxsga nisbatan 242 ta ish ko‘rib chiqilgan. 169 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilingan va 83 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Mavzuga oid