O‘zbekiston | 19:00
1130
3 daqiqa o‘qiladi

Kreativ iqtisodiyot uchun soliq imtiyozlari nazarda tutilgan qonun ma’qullandi

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida kreativ iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, xalqaro moliya, favqulodda vaziyatlar va bola huquqlariga oid qator qonunlar hamda parlament so‘rovlari ko‘rib chiqildi. Majlis davomida ayrim qonunlar ma’qullangan bo‘lsa, harbiy xizmatga oid hujjat rad etildi.

Foto: Oliy Majlis Senati

19 may kuni o‘tkazilgan majlis avvalida kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan qonun muhokama qilindi. Unga ko‘ra, 2026–2030 yillarda kreativ industriya parki rezidentlari va Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi loyihalariga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar uchun bir qator soliq imtiyozlari joriy etiladi. Xususan, ular qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i hamda jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod qilinadi. Senatorlar bu choralar xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va milliy kreativ mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligiga oid qonun ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi meva-sabzavotchilik va issiqxona xo‘jaliklari manfaatlarini himoya qilish uchun sudlarga murojaat qilganda davlat bojidan ozod etiladi. Senatorlar bu o‘zgarishlar agrar sohani qo‘llab-quvvatlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Majlisda «O‘zbekiston Respublikasining Yangi taraqqiyot banki to‘g‘risidagi Bitimga (Fortaleza, 2014 yil 15-iyul) qo‘shilishi haqida»gi qonun ham ma’qullandi. Senatorlarga ko‘ra, ushbu a’zolik yirik infratuzilma loyihalari uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Bundan tashqari, «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi hujjat muhokama qilindi. Qonunda harbiy xizmatga majburlar haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida almashish va harbiy ro‘yxat tizimini takomillashtirish nazarda tutilgan edi. Biroq senatorlar ayrim normalar amaldagi qonunchilikka to‘liq mos emasligini bildirib, qonunni rad etdi.

Majlisda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.Hidoyatovga qurilish sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurash, davlat xaridlaridagi shaffoflik va qurilish xavfsizligi yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Senatorlar sohada ichki nazoratni kuchaytirish va fuqarolar murojaatlarini samarali ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga tabiiy, texnogen va ekologik favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan parlament so‘rovi yuborildi. Senat ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda 82 ta favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan.

Yalpi majlisda Bolalar ombudsmanining 2025 yilgi hisoboti ham eshitildi. Qayd etilishicha, yil davomida 1934 ta murojaat kelib tushgan, ulardan 509 tasi ijobiy hal etilgan. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 19 ta jinoyat ishi va 26 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Majlis yakunida Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar ham tasdiqlandi. Kahramon Mirsafayev va Maxfirat Ochilova 10 yil muddatga O‘zbekiston Oliy sudi sudyasi etib saylandi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid