Iqtisodiyot | 17:26 / 12.04.2019
61359
5 daqiqa o‘qiladi

Yuz ming so‘mlik kupyura xalqqa qanchalik kerak?

Yangi nominaldagi kupyura chiqishi mumkinligini hammamiz bilardik. Chunki o‘n ming so‘mlikdan so‘ng darrov ellik ming so‘mlik pul emissiyasi amalga oshirildi. Undan keyin eng yirik yuz ming so‘mlik chiqarildi. Juda ko‘pchilik buni kutgandi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Shu bilan bir qatorda u o‘zi bilan xavotirlarni ham yetaklab keldi. Oddiy xalq qolib hattoki iqtisod va moliya sohasidagilar ham pul qadrsizlanishi, oqibatda, narx-navo keskin oshib ketishini bashorat qilishdi. Aslida ham shunday bo‘lishi mumkinmi? Yuzaga kelgan qo‘rquv qay tarzda bartaraf etilishi kerak? Oraliqdagi pullar (20, 30 ming so‘mlik) nega muomalaga chiqmadi? Mutaxassislar bunga qanday izoh berishadi?

Markaziy bankning Kun.uz'ga rasmiy bildirishicha, 1000 so‘m va 100000 so‘m qiymatlari orasida 5000 so‘m, 10000 so‘m va 50000 so‘m qiymatidagi banknotlar muomalaga chiqarilgan, lekin 20000 so‘mlik banknotni muomalaga chiqarish rejalashtirilmagan. So‘m tangalarni chiqarish masalasida —  2018 yil iyul oyidan boshlab Markaziy bank tomonidan yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so‘mlik tangalar zarb etildi —  eski namunadagilarini qaytarib olish ko‘zda tutilgan.

Eski namunadagi 50, 100 so‘mlik tanga va banknotlar 2019 yilning 1 iyuligacha, eski namunadagi 200 va 500 so‘mlik qog‘oz pullar esa 2020 yil 1 iyuligacha muomalada bo‘ladi. Yangi nominaldagi tanga chiqarish rejaga kiritilmagan.

Iqtisod fanlari doktori To‘lqin Boboqulov fikriga ko‘ra, dunyo tajribasiga asosan mamlakatda EKIHning 50 foizgacha nominalda pul chiqarish mumkin. 

«Yuz minglik emissiyasi ushbu talabga to‘la javob beradi. Markaziy Bank nima uchun bu kupyurani chiqardi? Inflatsiya darajasi yuqorilashib ketgani va xarajatlarni qisqartirish sabab bo‘ldi. Oddiyroq qilib tushuntiradigan bo‘lsam, o‘nta o‘n minglik yoki ikkita ellik minglik kupyurani ishlab chiqargandan ko‘ra bitta yuz minglikni chiqarish qulayroq va xarajatlarni kamaytiradi. 

Yana bir omillardan biri sifatida naqd pulga ehtiyojning yuqori darajada ekanligini keltirish mumkin. 

Taqqoslash uchun keltirib o‘taman: 2018 yil yakunidagi statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda jami pul massasining 26 foizi naqd pulni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 19 foiz, Qozog‘istonda 13 foiz, Yaponiyada esa 3 foiz. «Yashirin iqtisodiyot»  bo‘lgan davlatlarda naqd pulga talab yuqori bo‘ladi. Oraliq pullar nega chiqarilmadi? Yuqorida aytganimdek, Markaziy Bank xarajatlarni kamaytirish maqsadiga tezroq erishish niyatida. Oraliq pullar bu jarayonni sekinlashtiradi. Yuz minglik kupyura transportdan foydalanishdan tashqari noqulaylik keltirmaydi», —  deydi u Kun.uz'ga intervyu berib.

Tadbirkorlar yangilikni qanday kutib olishdi?

Tadbirkor Muzaffar Abdurasulovning fikricha, ayni vaqtda hamma inflatsiya darajasi ko‘tarilishidan xavotirda. Ammo bu asossiz fikr, chunki valuta emas, aynan iqtisodiyotning o‘zi qay tarzda boshqarilishi inflatsiyaga ta'sir ko‘rsatadi. Import-eksport pul qadriga ta'sir qilishi mumkin, yangi kupyuraning muomalaga chiqarilishidan emas. Yuz ming so‘mlik kupyuraning bir qator afzalliklari bor. Jumladan, olib yurish va jamg‘arish uchun qulay, bankomatlarda naqd pulni yechib olish ham tezroq amalga oshadi.

Yana bir ishbilarmonlardan biri Gulbonu Nabiyeva ham yuqoridagi kabi kupyuraning foydali jihatlarini sanab o‘tdi. Lekin u savdo-sotiqda noqulayliklar paydo bo‘lishini istisno etmadi. 

Aytilgan gaplardan ko‘rinib turibdiki, aholi uchun naqd pulning qadri ancha baland ekan. Shuning uchun ham yangi nominaldagi kupyura o‘zgacha kayfiyat ila kutib olindi. Soddaroq aytganda, inflatsiyadan darak bermayotgan «kayfiyat» hukumatni xavotirga solishi kerak. Nima uchun? 

Gap shundaki, O‘zbekistonda «yashirin iqtisodiyot» ko‘rsatkichlari sezilarli ravishda yuqoriligini yaqqol ochib beradigan vaziyat paydo bo‘ldi. Yangi banknot muomaladagi pul massasining oshib ketishiga sabab bo‘lmasligi aytilsa-da, hukumat katta qiymatdagi pul nega aholiga kerak bo‘layotganiga qiziqishi lozim. Yangi banknot aholi daromadlarini saqlash va maishiy xarajatlar uchun optimal yengillik beradi. Shunga qaramay, aholi nega bank hisobida omonat saqlamaydi, nega plastik karta bilan savdo qilmaydi, qarz va boshqa pulli masalalar faqat naqd valuta bilan amalga oshadi? Bu savollar rasmiylarni o‘ylantirishi lozim. 

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid