O‘zbekiston | 10:24 / 13.04.2019
8011
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika sohasidagi qonunchilikka tuzatishlar kiritilishi kutilmoqda

Foto: Getty Images

Parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari a'zolari «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokama qildilar, deb yozmoqda Norma.

Loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tashabbusi asosida ishlab chiqilgan.

Muhokama davomida quyidagi jihatlar qayd etildi:

• energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni sertifikatlash bo‘yicha alohida norma kiritilmoqda. Shu tariqa davlat tomonidan energiya resurslari iste'molini monitoring qilishning ta'sirchan tizimi yaratiladi, davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish tartibga solinadi;
• energiyadan oqilona foydalanish sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi organlar aniq belgilab qo‘yilmoqda. Vazirlar Mahkamasi qatoriga boshqa davlat organlari ham qo‘shildi. Bu nafaqat deputat yoki parlament nazoratini, balki jamoatchilik nazoratini ham to‘laqonli amalga oshirishga sharoit yaratadi;
• energiya samaradorligi past bo‘lgan mahsulotlarning ishlab chiqarilishi, ularning importini tartibga soluvchi normalar nazarda tutilmoqda. Qonun ijodkorlarining fikricha, bu energiya tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni, muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi;
• mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari kengaytirilayotgani nazoratsiz elektr energiyasidan foydalanish, o‘chirib qo‘yish holatlarini huquqiy tartibga solish muammolarini hal etishda yordam beradi;
• davlat nazorati organlarining vakolatlari yanada kengroq ochilmoqda, boisi, energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish vazifasi ular zimmasiga yuklanmoqda. Ushbu normaning joriy etilishi mazkur organlar mas'uliyatini oshirib, ekologiya va atrof-muhitga salbiy ta'sir etuvchi omillarga chek qo‘yish imkonini beradi;
• qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, qonunosti hujjatlarisiz amal qilishi nazarda tutilmoqda.

Munozaralardan so‘ng qonun loyihasini yanada maromiga yetkazishga qaror qilindi.

Mavzuga oid