Jamiyat | 18:01 / 27.04.2019
38481
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: Toshkent shahar IIBB maxsus zirhlangan avtomobilni namoyish qildi

Bugun, 27 aprel kuni poytaxt markazida, San'at galereyasi yonidagi «Moviy gumbazlar» istirohat bog‘ida Toshkent shahar IIBB vakillari tomonidan maxsus zirhlangan avtomobil namoyish qilindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ko‘rinishidan qudrat va savlat aks etib turgan bu avtomobil darhol ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. Maxsus metall qoplama bilan zirhlangan bu avtomobil biror tomondan o‘q o‘tkazmaydi. Yirik kalibrdagi o‘qlar metallni teshib o‘tgan taqdirda ham himoya qoplamasidan keyingi maxsus kapsulalar o‘qni tutib qolaveradi.

Bu ulkan mashina solyarka va benzin bilan (asosan solyarka, tugaganidan keyingina benzin) harakatlanadi va 100 km masofaga 18 litr yonilg‘i sarflaydi. Ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etishga mo‘ljallangan bu mashinada 7-8 xodim bemalol joylasha oladi.

Shuningdek, tadbirda maxsus avtobus ham namoyish etildiki, bu avtobusda ko‘pchilikni qiziqtirgan jihat – uning tomi ustidagi yumaloq kamera bo‘ldi.

50 metr balandlikkacha ko‘tarila oladigan kamera kunduz kunlari 1,5 km, tunda 1 km masofani tasvirga tushira oladi va intellektual dastur kishining shaxsiga aniqlik kiritadi. Avtobus ichidagi texnologiyalar onlayn tarzda situatsion markazlarga ulanadilar va boshqa joylarni kuzatish bilan birga axborot uzatish imkoniyatiga ham egalar.

IIBB matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, keng miqyosdagi tadbirlarda intellektual kameralar qiyofa tanish imkoniyati tufayli qidiruvdagi shaxslarni darhol aniqlab bera oladi. Mazkur avtobus allaqachon sinovdan o‘tgan. Hozirda bunday avtobuslardan bir nechtasi buyurtma qilingan bo‘lib, yangilari yana ham takomillashtirilgan bo‘ladi.

«Moviy gumbazlar»da «Yoshlar jinoyatchilikka qarshi» shiori ostida o‘tgan ushbu tadbir Toshkent shahar IIBB va Bektemir tuman hokimligi vakillari tomonidan tashkillashtirildi. Unda ashula va raqs dastalari dasturlari, yosh temurbeklar maktabi kursantlari, o‘zbek jang san'ati, karate, dzyudo to‘garaklari shug‘ullanuvchilari ko‘rgazmali chiqishlar qildi. Tadbirda shahar bo‘ylab tashrif buyurgan imkoniyati cheklangan bolajonlarga turli-tuman sovg‘alar topshirildi.

Xususan, Bektemir tuman hokimi Shohruh Mamajonov tomonidan otaliqqa olingan, imkoniyati cheklangan ikki bolaning nogironlik aravalarini bevosita hokimning o‘zi aylantirib yurgani ko‘pchilikda iliq taassurot uyg‘otdi. Yodingizda bo‘lsa, hokimning ikki nogiron bolani o‘z avtomobilida sayrga olib chiqqani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘lgandi. Shundan so‘ng hokim bu bolalar yashayotgan uyni ham ta'mirlab bergani ma'lum qilindi.

Shuningdek, 291-maktab o‘quvchilari raqs dastasining chiqishlari ham juda qizg‘in kutib olindi. Gap shundaki, o‘zbek milliy raqsini namoyish etgan bu dasta vakillari orasida koreys millatiga mansub Diana, Nastya, rus millatiga mansub Alyona kabi qizaloqlar ham bor edi.

 

Mavzuga oid