O‘zbekiston | 00:03 / 27.04.2019
8048
4 daqiqa o‘qiladi

OECD: O‘zbekistonda davlat va xizmat sirlarining aniq ro‘yxati shakllantirilishi lozim

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning O‘zbekiston bo‘yicha monitoring hisobotiga ko‘ra, mamlakatda davlat va xizmat sirlari tushunchasiga aniqlik kiritilishi, bunday sirlarga qanday axborotlar kirishi aniqlashtirilishi lozim. Bu haqida Tashkent Law Spring forumi dasturidagi «Hukumatning ochiqligi va shaffofligi» muhokama sessiyasida tashkilot konsultanti Murod Husanov ma'lum qildi.

Konsultant OECDning O‘zbekistonda hukumat shaffofligini ta'minlashga oid tavsiyalarini bayon qildi. Unga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi, xususan, mazkur holat kuzatilishi ehtimoli yuqori bo‘lgan bojxona va soliq tizimida aniq mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish, mamlakatda mavjud elektron hukumat (ye-government)ning imkoniyatlarini kengaytirish, ochiq ma'lumotlarning internet tarmog‘ida e'lon qilinishining tartiblarini belgilash, davlat budjeti bilan bog‘liq hisob-kitoblarni ochiq amalga oshirish kerak. «Davlat cirlari tushunchasi ostida axborotlarga sanksiya qo‘yilishi ustidan aniq mexanizmlar nazorat olib borishi lozim», ─ deydi OECD vakili.

Ma'lumot uchun, «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi qonun 1997 yilda qabul qilingan. Uning 9-moddasida «Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirdan iborat axborotni berishlari mumkin emas», ─ deb belgilab qo‘yilgan.

Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha Moliya boshqarish sektori rahbari Arman Vatyan ham O‘zbekistonda hukumat shaffofligini ta'minlash bo‘yicha tavsiyalarni keltirib o‘tdi. «Fuqarolar davlat va jamiyat uchun daxldor har qanday qarorning qabul qilinish jarayonida ishtirok etishi lozim. Hukumat aynan qaysi xalqaro reytinglarda yuqori pog‘onalarga qarab intilish kerakligini belgilashi kerak. E'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan yana bir muhim jihat bor: to‘g‘ri, ko‘p hollarda ma'lumotlar ochiq e'lon qilinayotgan bo‘lishi mumkin, ammo ular qanchalik sifatli va ishonchli?» ─ deydi mutaxassis.

Sessiya panelida hukumat shaffofligini ta'minlashda davlat budjetining ochiqligi roli xususida ham fikrlar bildirildi. «Norma» MChJ direktori Mixail Perperning bayon etishicha, 2017 yilda davlat budjeti haqidagi aniq raqamlar mutlaqo oshkor etilmagan, faqatgina foizlar va umumiy struktura ko‘rsatilgan. 2018 yilda esa davlat budjetining hisoboti e'lon qilindi, 2019 yil uchun mo‘ljallangan budjet rejasi omma e'tiboriga havola etildi. «Test rejimida ishlayotgan OpenBudget portali orqali fuqarolar budjet nimalarga sarflanishi haqida ma'lumotga ega bo‘lishi, qaysi sohalarga mablag‘ ajratish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishi mumkin», ─ deya qayd etdi Perper.

Avvalroq poytaxtda Tashkent Law Spring xalqaro yuridik forumining ish boshlagani haqida ma'ulumot berilgan edi. Birinchi marotaba o‘tkazilayotgan mazkur forumda 37 xorijiy mamlakatdan mingdan ziyod yuridik soha vakillari ishtirok etmoqda.

Mavzuga oid