Jahon | 00:45 / 09.07.2017
6387
2 daqiqa o‘qiladi

G20 davlatlari 2017 yil sentabridan soliqqa oid ma'lumotlarni almashishadi

Foto: RIA Novosti / Mixail Klimentev

G20 davlatlari shu yilning sentabridan boshlab soliqqa oid ma'lumotlarni avtomatik tarzda almashisha boshlashadi, deyiladi Germaniya raisligida Hamburgda o‘tgan «yigirmalik» sammiti kommyunikesida.

«2017 yil sentabrida OECD (Organisation for Economic Co-operation and Development — Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) yagona hisobot standartlari asosida moliyaviy hisoblar haqida dastlabki avtomatik ma'lumot almashishni kutmoqdamiz», — deyiladi hujjatda. G20 davlatlari yetakchilari soliq bazasining yemirilishi va foydani soliqqa tortishdan olib qochishga qarshi kurashish rejasi (BEPS)ga sodiqligini tasdiqlashdi va barcha yurisdiksiyalarni bunga qo‘shilishga chaqirishdi.

Ayni paytda BEPS rejasiga 100 dan ortiq davlat, jumladan, Rossiya a'zo bo‘lgan. Biroq Rossiya Federatsiyasi soliq organlari soliq to‘lovchilarning aktivlari haqidagi ma'lumot almashuvga 2018 yildan qo‘shiladigan bo‘ldi.

Sammit ishtirokchilari rivojlanayotgan davlatlarning soliq salohiyatini o‘stirishda ularga madad berishda davom etishlarini bildirishdi.

«Biz soliq sohasidagi aniqlikni oshirish va OECD ishtirokida iqtisodiyotni raqamlashtirishdagi soliqqa oid tahdidlar borasida ishlamoqdamiz. Korrupsiya, soliqlardan qochish, terrorchilikni moliyalashtirish va pul yuvishga qarshi kurashishning muhim elementi sifatida biz milliy va transchegaraviy darajalarda yuridik shaxslar mulklarining benefitsiar shaffofligi sohasida xalqaro standartlarning samarali joriy etilishida yordam beramiz», — deyiladi hujjatda.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid