Jahon | 22:24 / 01.05.2019
5969
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy kompaniyasi reklama yordamida Tesla’ni avtomobillarining nosozligida aybladi

Xitoyning elektrokarlarni ijaraga beruvchi kompaniyasi Shenma Zhuanche AQShning Tesla kompaniyasi bilan tuzilgan bitimdan noroziligini bildirish uchun Nyu-Yorkdagi Tayms-skver maydonida joylashgan binolardan biridan 3 ta reklama slotida reklama berish huquqini sotib oldi. Xitoy kompaniyasining ta'kidlashicha, 278 ta sotib olingan mashinadan 20 foizi nosozdir.

Kompaniya shu tariqa muammoga Tesla e'tiborini qaratmoqchi. Ta'kidlanishicha, Xitoy kompaniyasi xodimlari Tesla’ga nosozliklar haqida ko‘plab marotaba xabar berishgan, biroq ularning murojaatlari javobsiz qolmoqda.

Reklama bilbordlarida “Tesla, buni to‘g‘rilaysizmi yoki yo‘qmi”, “Tesla, kompensatsiya to‘lang”, “Tesla, aybingizni tan olasizmi yoki yo‘qmi” deb yozilgan.

Xitoy kompaniyasi Tesla’ga bunday antiqa yo‘l bilan murojaat qilishda “Ebbing chegarasidagi uch bilbord” filmidan ilhomlangan. Ushbu filmda ona qizining qotilini topolmagan politsiyachini shaharda politsiyaga murojaat bilan uchta bilbord joylashtirish orqali uyaltiradi.

Xitoy kompaniyasining ma'lum qilishicha, Tesla mashinalarining nosozligi sababli kompaniya 45 kun ichida 995 ming dollar zarar ko‘rgan.

AQSh kompaniyasi vakili Business Insider nashriga vaziyat yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid