Jamiyat | 02:02 / 27.05.2019
13135
2 daqiqa o‘qiladi

Halolni halol, haromni harom deb bilish – musulmonning ziynati, ulug‘ligidir

“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Jannat yo‘li”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni Toshkent shahridagi “Katta Qozirobod” masjidi imom-xatibi Abduqahhor Yunusov sharhlab berdi.

Video: Youtube

Video: mover.uz (tas-IX)

Jobir ibn Abdulloh (r.a) rivoyat qiladilar:

“Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan bir kishi kelib so‘radi: “Yo Rasululloh! Agar farz bo‘lgan namozlarni ado etsam, Ramazon ro‘zasini tutsam, halolni halol deb bilib, haromni harom desam. Va bu narsaga biror narsani ziyoda qilmasam, jannatga kiramanmi?”. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Ha, kirasan”, dedilar. 

Imom Muslim rivoyati.

Azizlar! “Haromni harom deb bilsam”, degani ularni qilishdan saqlansam, deb tushunsa bo‘larkan. Ya'ni, Alloh taolo harom qilgan narsani harom deb bilsa, bu iymon taqozosi. Zotan harom bo‘lgan narsani halol deyishlik iymonga zarar yetkazadi, undan ajraladi, hattoki ayoliga taloq tushadi. Bu kishining so‘ragan so‘rovida Rasululloh sallollohu alayhi vasallam hadisning so‘ngidagi javoblari juda buyukdir.

Ya'ni, haligi kishi toqati yetadigan narsalarini sanadi. Bularning ichida eng muhimlari haromni harom deb bilishlik, musulmondan talab qilinadigan ish hisoblanadi. Zero, aqida masalasi, e'tiqod masalasidir.

“Halolni halol deb bilsam”, degani halolligiga ishonib ularni bajarsam deganidir. Bu ma'noda, birinchi navbatda, ongimizda luqma tushunchasi keladi. Halolni halol deb bajarish, musulmonning ziynati, fayzi, darajasi, ulug‘ligi bo‘ladi. Boshqa din vakillarining oldida musulmonni ko‘rsatib turadigan narsa ham aynan shu – halolni halol, haromni harom deb bilishlikdir.