O‘zbekistonda seysmik hududlarni aniqlaydigan ilk qurilma ishlab chiqildi
Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or innovatsiyalar markazining bir guruh xodimlari mahalliy sharoitda ilk marotaba zilzila kuchini aniq ko‘rsatuvchi moslama ishlab chiqishdi. Shu paytgacha geologiya va qurilish sohalarida zilzila kuchini o‘lchovchi asboblar xorijdan keltirilgan bo‘lsa, ularning narxi ham shunga mos ravishda qimmat bo‘lgan.
Tadqiqotchilar tomonidan yasalgan qurilmaning ahamiyati shundaki, u xorijniki bilan raqobatlasha oladi. Narxi ham ancha arzon. Moslama ustida markazning geologiya bo‘limining olti nafar tadqiqotchisi ish olib borgan. Loyiha ishtirokchilaridan biri, markazning Geofizika va nanomineralogiya laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi Nozimjon Oripov bu haqida batafsil ma'lumot berdi.
«Qurilma faqat zilzila kuchini o‘lchamaydi»
Markazimizda geologiya va qurilish sohalari bo‘yicha turli ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Shu kabi kichik izlanishlarimiz natijasi sifatida zilzila kuchini o‘lchovchi Geoberry (shu nomdagi xorijiy kompaniya bilan hamkorlikda) qurilmasini misol qilib keltirishimiz mumkin.
Undan qay maqsadda foydalaniladi? Qurilma yordamida nafaqat zilzila kuchini o‘lchash, balki binolarning zilzilaga bardoshliligini ham tekshirish mumkin. Bino qurishdan oldin tanlangan joyning seysmik darajasi shu uskuna yordamida o‘lchanadi va ijobiy xulosa qayd etilsa, qurilish ishlari boshlanadi. Bu jarayon bino foydalanishga topshirilganidan keyin ham davom etadi, chunki tayyor holatda ham obektning qaysidir qismida kamchilik bo‘lishi mumkin. Agar bartaraf etilmasa, zilzila aynan o‘sha yerdan davom etadi. Shuningdek, moslama eski binolar, yerosti konlarining tebranishlarga bardoshliligini ham tekshiradi.
Geoberry yaxlit qurilma emas. Unga qo‘shimcha funksiyalarni ham qo‘shish mumkin. Masalan, biz nafaqat bino tebranish darajasini o‘lchashimiz, balki bosim, kuchlanishlarni ham aniq ko‘rsatish imkoniyatimiz bor. Demak, qurilma takomillashtirilsa, yaxshi natijaga erishsa bo‘ladi.
“Loyihani amalga oshirish uchun 750 mln.so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda”
O‘tgan yili sentabr oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan birinchi marta Science Accelerator startap tanlovi e'lon qilindi. 450 dan ortiq ishtirokchilar o‘z g‘oyalari bilan qatnashishdi. Oktabr-noyabr oylarida saralash bosqichlari bo‘lib o‘tdi va 18 ta eng yaxshi loyiha tanlab olindi. Tanlov tashkilotchilari va mutaxassislar 6 oy davomida mana shu g‘oyalarni realizatsiya qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berishdi. Turli seminarlar, tadbirlarda qatnashdik. Bizning loyihamiz ham shu muddat davomida takomillashtirildi, kamchiliklari bartaraf etildi. Joriy yilning 7 mayida so‘nggi bosqich g‘oliblari aniqlandi. Uchta eng yaxshi startap mukofotga loyiq ko‘rildi. Ular orasida bizning ham innovatsiyamiz bor edi. Biznes-rejaga ko‘ra, 750 mln.so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Startapimizni realizatsiya qilish uchun jamoamizning biznes-rejasi Innovatsion rivojlanish vazirligining tanlov komissiyasi tomonidan alohida baholanadi va moliyalashtirishga tavsiya qilinadi.
«Maqsadimiz- o‘z bozorimizga ega bo‘lish»
Nima uchun bu uskunani ishlab chiqdik? Chunki bizda unga talab bor, ammo taklif yo‘q. Bu yo‘nalishda o‘z bozorimizga ega emasmiz. Talabimizni xorij kompaniyalari qondiryapti. Kelgusidagi rejalarimiz faqat bu qurilma bilan cheklanib qolish emas. Geologiya, geodeziya, seysmologiya sohalarida zarur bo‘ladigan uskunalarni ishlab chiqaradigan korxona tashkil qilmoqchimiz. Mijozlarni qanday qilib jalb qilamiz? Ustunligimiz — arzon narx. Qurilmaning o‘rtacha bahosi 7 mln.so‘m (1000 AQSh dollari ham emas!). Xorij va mahalliy xomashyodan foydalangan holda ishlab chiqarish amalga oshiriladi. Sohada o‘z tajribamizni oshirgach, barcha xomashyoni mahalliylashtiramiz va ko‘rsatilgan narx arzonlashishiga erishishimiz mumkin. Tashqi bozorga chiqishga ham salohiyatimiz yetadi. Hozirgi paytda shunga o‘xshash xorijning eng arzon uskunasi 1300 AQSh dollari turadi. O‘zbekistonda esa 5000 -6000 AQSh dollariga teng narxdagi asbobdan foydalaniladi. O‘z bozorimizni yaratib talabni qondira olsak, ortiqcha xarajatlar kamayishiga erishamiz. Eng muhimi,milliy valuta tashqi emas, ichki iqtisodiyotga foyda keltiradi.
Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi
Mavzuga oid
21:47 / 17.11.2024
Yaponiya qirg‘oqlarida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
07:30 / 17.10.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
18:44 / 16.10.2024