O‘zbekiston | 18:04 / 21.06.2019
15769
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi avtomobillarning 70 foizi gazda harakatlanmoqda

Bugun, 21 iyun kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat ekologiya qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

«Transport vositalari chiqindi gazlarining inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta'siri» mavzusidagi bu tadbirda qo‘mitaning Atmosfera havosini muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Umidjon Abdujalilov quyidagi ma'lumotlarni berdi: «2018 yilda avtomobillarimiz tomonidan 1,5 mln tonna ifloslantiruvchi va zararli moddalar ajralib chiqqan. Atmosferaga tarqalayotgan bunday moddalarning 63 foizi transport vositalariga, qolgani sanoat va boshqa omillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli ham bu muammoga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Ma'lumki yoqilg‘i vositalari ichida ekologik jihatdan eng kam zararlisi metan gazi hisoblanadi. Hozirgi kunda bizda harakatlanayotgan avtomobillarning 70 foizi aynan shu yoqilg‘iga moslashtirilgan. Benzinning ichki yonuv dvigateli orqali yonishidan 200dan ortiq moddalar ajralib chiqsa, ularning 6-7tasi zararli va ifloslantiruvchi hisoblanadi, gazda esa bunday moddalar 3ta.

O‘zbekiston 2030 yilgacha yoqilg‘i va avtomobillar bo‘yicha «Yevro 6» standartiga o‘tishi kerak. Hozir benzinimiz «Yevro 2», avtosanoatimiz «Yevro 3», eksport uchun «Yevro 5» standartida ishlamoqda. Lekin bu ham hamma avtomobillar uchun emas: masalan «Damas» avtomobili «Yevro 0» standartiga to‘g‘ri keladi. Ammo bu «Damas»ning yomon avtomobil ekanligini anglatmaydi. «Damas» oz yoqilg‘i sarflaydi va tabiiyki kam miqdorda zararli moddalar chiqaradi».

Tadbirda ishtirok SSV bosh toksikologi Abduhakim Sarimsoqov bu moddalarning inson salomatligiga ta'siri haqida gapirdi.

«Bu masalaga OAV orqali xalqimiz e'tiborini qaratishimiz juda muhim. Chunki ko‘pchilik avtomobillar sozligi, yoqilg‘i sifatiga e'tibor bermay mashina haydayveradi. Aslida nosoz va havoni ifloslantiruvchi avtomobillar umuman yo‘llarimizda yurmasligi kerak.

Ulardan ajralib chiqayotgan gazlar juda jiddiy muammolar tug‘diradi – onkologik kasalliklar, oqqon, o‘pka kasalliklari kelib chiqmoqda», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Mavzuga oid