O‘zbekiston | 14:00 / 08.09.2019
15270
5 daqiqa o‘qiladi

«Maxam-Chirchiq» va «Ammafos-Maxam» korxonalari atmosferani me'yoridan ortiq ifloslantirayotgani aniqlandi

Foto: ammofos-maxam.uz

So‘nggi oylarda Davlat ekologiya qo‘mitasiga aholi va jamoatchilik tashkilotlari tomonidan atrof-muhitga zararli tashlamalar tashlayotgan yirik sanoat korxonalari faoliyati yuzasidan shikoyat va murojaatlar kelib tushmoqda, deb xabar beradi qo‘mita matbuot xizmati.

Mazkur murojaatlarda Toshkent viloyatining Chirchiq va Ohangaron shaharlaridagi «Maxam-Chirchiq» hamda «Ammafos-Maxam» aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati natijasida atmosferaga, ochiq suv havzalariga tashlanayotgan zararli moddalar atrof-muhitga, fuqarolar salomatligiga xavf solayotgani qayd etilgan.

Ushbu murojaatlarni o‘rganish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan «Maxam-Chirchiq» AJning perimetri bo‘ylab (16 kilometr) atmosferadan 8ta nuqtadan (oraliq 800 metr, korxona devoridan 15 metr masofada) namunalar olinib, tahlil qilinganda atmosfera havosi tarkibida ammiak miqdori ruxsat etilgan me'yordan – 1,1–2,8 marta, vodorod sulfid miqdori – 4,5-7,4 marta, uglerod oksidi esa – 1,2 marta yuqoriligi aniqlandi.

Yuqoridagi o‘rganishlar «Ammafos-Maxam» AJda ham o‘tkazildi, olingan havo namunalari olinib tahlil qilinganda havo tarkibida oltingugurt moddasi miqdori ruxsat etilgan me'yordan – 2,6 martaga, azot ikki oksidi 8 martaga ortgani aniqlandi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan «Ammafos-Maxam» AJ faoliyati yuzasidan tayyorlangan ma'lumotlar asosida «O‘zbekiston ekologik partiyasi» tomonidan iyul oyida jamoatchilik eshituvi tashkil etilib, mazkur korxona tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar keng jamoatchilik bilan muhokama qilindi.

Amalga oshirilgan o‘rganishlar natijalariga asosan yuqoridagi korxonalarda faoliyati joriy yil 5 avgustdan 26 avgust kuniga qadar davlat ekologik nazorati olib borildi.

Xususan, «Maxam-Chirchiq» AJda olib borilgan tekshirish davomida 29ta asosiy va yordamchi sexlardagi atmosfera havosini ifloslantiruvchi 30ta manbadan 62ta namuna olinib, havo tarkibidagi azot oksidi va ammiak moddalari bo‘yicha, shuningdek 9ta ochiq suv havzalarini ifloslantiruvchi manbadan 9ta namuna olinib, suv tarkibidagi neft mahsulotlari, mis, temir, nitrat va nitrit ionlari hamda xlorid ingrediyentlarini aniqlash bo‘yicha jami 71ta fizik-kimyoviy tahlil ishlari o‘tkazildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, korxonaning 2ta ishlab chiqarish sexida atmosferani ifloslantiruvchi manbalardan tashlanayotgan tashlamalar miqdori ruxsat etilgan me'yoridan 1,2–8,0 marta yuqoriligi aniqlandi. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ushbu sexlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Shu bilan birga, «Ammafos-Maxam» AJning 4ta asosiy ishlab chiqarish sexlaridagi atmosferani ifloslantiruvchi 15ta manbadan namunalar olinib, havo tarkibidagi azot oksidi, ammiak moddalari va fosfor changini aniqlash bo‘yicha jami 36ta tahlil ishlari o‘tkazildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, korxonaning 1ta ishlab chiqarish sexida atmosferani ifloslantiruvchi manbalardan tashlanayotgan tashlamalar miqdori ruxsat etilgan me'yordan 1,15-1,22 marta yuqoriligi hamda ishlab chiqarish texnologik jarayonida quvurlar germetikligining buzilishi natijasida ifloslantiruvchi moddalar atmosfera havosiga tashlanayotgani aniqlanib, mazkur sexdagi uskunalar faoliyati ham vaqtincha to‘xtatildi.

O‘zbekiston Respublikasining «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi va «Chiqindi to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzganlik uchun «Maxam-Chirchiq» AJ, «Ammafos-Maxam» AJning 33 nafar mansabdor va mas'ul shaxslari ma'muriy javobgarlikka tortildi hamda atrof tabiiy muhit ifloslantirilgani va chiqindilar belgilanmagan joylarga joylashtirilgani uchun qo‘shimcha ravishda 414,4 million so‘m kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi.

Shuningdek, «Ammafos-Maxam» AJ hududida noqonuniy daraxtlar kesilgani aniqlanib, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 223 million so‘m zararni qoplash belgilandi.

«Tekshirish yakunlari bilan mazkur korxonalarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida 39 banddan iborat bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan qat'iy nazoratga olindi», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid