Jamiyat | 11:24 / 20.07.2019
6508
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona energetiklari yangi, ko‘p quvvatli «Ilg‘or» nimstansiyani ishga tushirish arafasida

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion–g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab–quvvatlash yili”da amalga oshirish bo‘yicha Farg‘ona viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan iqtisodiyot tarmoqlariga sifatli hamda uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish, tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay shart–sharoitlarni yaratish, qolaversa investitsion muhitni barqarorlashtirish yuzasidan davlat dasturlari asosida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari jadal olib borilayotir.

Viloyatda mavjud 110/6 kVli “Sakkokiy”, “Mexzavod” hamda 110/35/10 kVli “Satkak” nimstansiyalaridagi elektr qurilmalarning ortiqcha yuklama bilan ishlashi natijasida avariyali uzilishlar sodir bo‘lishini oldini olish, me'yordan ortiqcha yuklamani yengillatish maqsadida Farg‘ona shahar hududida ilgari bitkazilishi rejalashtirilib amalga oshirilmay qolgan 110/6 kVli “Ilg‘or” nimstansiyasida qurish ishlari qayta tiklanib, hozirgi kunda nimstansiyani ishga tushirish jarayoni yaqinlashib qoldi. 

Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish davrida yangidan–yangi investitsiya obektlarining ishga tushirilishi, tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishi hamda aholi iste'molchilarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining ortib borishi hisobiga “Ilg‘or” nimstansiyasining ishga tushirilishi, yuqorida sanab o‘tilgan nimstansiyalarning yuklamasini yengillatib, buning hisobiga yangi obektlarning ulanishiga sharoit yaratib, iste'molchilarni sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash imkonini beradi.

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ga ulash ishlari Farg‘ona shahri aholi xonadonlarida jadal boshlab yuborilgan.

Hozirda Farg‘ona shahri elektr energiyasi iste'molchilari 8 ta nimstansiya va undan chiquvchi 58 ta 6 kV li elektr uzatish tarmoqlari hamda 374 ta transformator punktlari orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanmoqda. Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirish natijasida shahar hududidagi hisob nuqtalariga jami 88 150 ta; aholi iste'molchilariga 83 394 ta hamda ulgurji iste'molchilariga 4 756 ta elektr hisoblagichlar va hisob nuqtalaridan ma'lumotlarni yig‘ish uchun nimstansiya va transformator punktlariga 374 ta konsentratorlar o‘rnatilishi ta'minlanadi.  

Shu kungacha jami 39500 ta maishiy iste'molchilar hisoblagichlari almashtirildi. Avval joriy etilgan iste'molchilar bilan birga ushbu ko‘rsatkich 60812 tani tashkil etmoqda. Shu jumladan ishlar yakunlangan transformator punktlaridan 40 tasida konsentrator qurilmasi o‘rnatilib, sinov ishlari davom ettirilmoqda.

Hisoblagichlar iste'molchilarga “Hududiy Elektr tarmoqlari” AJ mablag‘lari evaziga bepul almashtirilib berilmoqda.          

Mazkur loyihalar viloyat hokimligi hamda “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning sa'y-harakatlari tufayli “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2018–2019 yillar manzilli dasturiga kiritilgan bo‘lib, shaxsan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining nazoratida amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid