Jahon | 20:44 / 22.07.2019
107245
6 daqiqa o‘qiladi

Berdimuhammedov birinchisi emas: o‘lganga chiqarilgan davlat rahbarlari

Foto: Capress

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning o‘limi to‘g‘risidagi tasdiqlanmagan xabar yashin tezligidan dunyoni aylanib chiqdi. Keyinchalik bir necha rasmiy turkman manbalari tomonidan xabar rad etildi. Hozircha Berdimuhammedovning o‘zi ommaga ko‘rinishi berish orqali bu mish-mishlarni rad etishni lozim topgani yo‘q.

Tarixga nazar tashlasak, qator davlatlar rahbarlari tiriklik chog‘larida o‘ldiga chiqarilganiga guvoh bo‘lish mumkin. OAV, xususan televideniye rivojlanmagan paytlarda, hatto gazetalar ham bo‘lmagan davrlarda bunday mish-mishlar ko‘p tarqalgan va ularni rad etish oson bo‘lmagan. Sababi, aksariyat odamlar shohni yoki qirolning tirigini yoki suratini ko‘rmagan, qiyofasi haqida tasavvurga ega bo‘lmagan. Davlat rahbari o‘z tirikligini isbotlashi ham oson bo‘lmagan, sababi o‘sha – jonli ko‘rsatishning iloji yo‘q, odamlar esa ko‘proq salbiy ovozalarga ko‘proq ishonadi.

Bobur Mirzoning nabirasi Jaloliddin Akbar ham suiqasd qurboni bo‘lib, ma'lum payt og‘ir ahvolda yotganida uning o‘lgani haqida mish-mishlar bolalaydi va dushmanlari g‘imirlab qolishadi. Ammo tez orada oyoqqa turgan hukmdor shaharlarni aylanib aholini tinchlantirib chiqadi.

O‘tmish-ku tushunarli, lekin zamonamiz prezidentlarining o‘limi haqidagi xabarlar ham vaqti-vaqti bilan tarqalib turadi.

Boris Yelsin

1996 yilning noyabr oyida Rossiya prezidenti Boris Yelsin o‘z vakolatini bosh vazir Viktor Chernomirdinga topshirdi va yuragidagi dardini operatsiya qildirish uchun davolanishga ketdi. Tarqalgan ittifoqning taloto‘plari bosilmagan, Rossiya iqtisodi va siyosati chuqur tanazzulda bo‘lgan, kamiga Checheniston va Afg‘onistonda Rossiyaga dushman kayfiyatida bo‘lgan kuchlar bosh ko‘tara boshlagan paytlar edi. Bunday vaziyatda prezidentning o‘limi haqida xabarlar haqiqiy shov-shuvlarni keltirib chiqardi.

Lekin Boris Yelsin operatsiyadan eson-omon chiqadi va yana 4 yil prezidentlik qiladi. Ammo 1998 yilda ham uning o‘limi haqida xabarlar tarqalgan.

Ugo Chaves

Venesuelaning sobiq prezidenti, AQShga qarshi jarangdor xitoblari bilan tanilgan Ugo Chaves oxir-oqibat chindan ham rakdan o‘ldi. Ammo unga qadar bir necha marta uning joni uzilgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan va shuncha marta Chavesning o‘zi yoki safdoshlari bu xabarlarni rad etishgandi. Bunday xabarlar bejiz tarqalmasdi. Chaves o‘zini AQShga qarshi muqaddas urushga bel bog‘lagan qahramon sifatida taqdim qilar, imkon tug‘ilganda «katta og‘a»ning jig‘iga tegishini qo‘ymas, o‘ziga nisbatan suiqasdlar muntazam tayyorlanib kelishini ta'kidlardi. Uning ayrim fikrlari chindan ham o‘yga toldirardi. Lotin Amerikasining qator prezidentlarida saratonning og‘ir turlari birin-ketin aniqlanar va ular navbati bilan jon berardi. Chaves esa AQSh rak kasalligini yuqtirish yo‘lini topganini ta'kidlardi.

Jumladan Chavesning do‘sti, Argentina prezidenti Nestor Kirshner 2012 yilda, 60 yoshida ichak saratonidan o‘ldi. Uning o‘rnini egallagan bevasi Kristina Fernandes de Kirshnerda esa qalqonsimon bez raki aniqlandi. 2013 yilda Chavesning o‘zi vafot etgan bo‘lsa, keyinchalik ham bu jarayon davom etdi.

Braziliya prezidenti Lula da Silva 66 yoshida tomoq, uning o‘rniga kelgan Dilma Russefda sut bezi raki aniqlandi. Bunday diagnoz Paragvay prezidenti Fernando Lugo, Boliviya prezidenti Evo Morales, Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos Kalderonda ham borligi tashxislar orqali o‘z tasdig‘ini topgan.

Fidel Kastro

Kubaning yarim asrlik rahbari o‘z hayoti davomida 100dan 200tagacha suiqasdga uchragani haqida uning tansoqchilaridan biri o‘z kitobida yozgan. Ammo ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, Kastroga 600dan ortiq suiqasd uyushtirilgan, lekin shunga qaramay bu urinishlar biror marta muvaffaqiyatli yakunlanmagan. Yuqoridagi raqamlarga ko‘pchilik shubha bilan qarasa-da, Fidel Kastro eng ko‘p suiqasdga uchragan davlat rahbari ekani o‘z isbotini topgan. Shu bois, Kuba rahbarining o‘limi to‘g‘risidagi xabarlar ham juda ko‘p yangrab turgan va shuncha marta rad etilgan.

Shunga qaramay, Fidel Kastro 2016 yilda, 90 yoshida ajali yetib vafot etdi.

Mixail Gorbachyov

SSSRning birinchi va oxirgi prezidentining o‘limi to‘g‘risidagi xabar 2015 yilda tarqalgandi. Ammo tez orada «Gorbachev jamg‘armasi» vakillari tomonidan rad etildi. G‘alati islohotlari bilan millionlab insonlarning g‘azabiga duchor bo‘lgan Mixail Gorbachev hamon tirik va turli tadbirlarda muntazam qatnashib turadi, siyosiy fikrlar bildiradi.

Nursulton Nazarboyev

Nazarboyevning prezidentlikdan ketishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan bo‘lsa, uning o‘limi haqidagi yolg‘on xabar ham yashin tezligida ijtimoiy tarmoqlarni aylanib chiqdi va hatto ayrim rasmiy axborot dasturlari ham bu yangilik bilan bo‘lishdilar. Ammo qardosh qozoqlar yo‘lboshisi sog‘-salomat va o‘z vazifalarini bajarmoqda. Bu haqda bir necha rasmiy manba ma'lumot bergan.

Maqola tayyorlanayotgan bir paytda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning o‘limi haqidagi xabarlar tarqaldi va Isroilning bir necha saytlari bu ma'lumotni rasman tarqatishga ham ulgurdi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid