O‘zbekiston | 14:10 / 23.07.2019
60809
4 daqiqa o‘qiladi

Haj uchun xarajatlar miqdori 5 mln so‘mga arzonlashtirildi

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmuasi majlislar zalida “Haj – 2019” mavsumi oldidan brifing tashkil etildi. Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan “Haj – 2019” mavsumi haqida ma'lumot berdi.

Bu yil hojilarimiz safar oldidan, vatanda bo‘lib turgan paytlaridayoq o‘zlarini ham ma'nan, ham ruhan tayyorlab, ulug‘ safarga munosib bo‘lish maqsadida ijtimoiy ko‘makka muhtoj shaxslar, kam ta'minlangan oilalar va aholi uchun xayriya yordami sifatida o‘z tashabbuslari bilan 9 milliard so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatishdi.

Joriy yilgi ziyoratchilarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatishni ta'minlash, haj ibodati bilan bog‘liq amallarni tartibli ado etishni yo‘lga qo‘yish maqsadida guruh rahbarlari va ziyoratchilar uchun safaroldi o‘quvlari tashkil etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari bilan “Haj-2019” mavsumida har bir ziyoratchiga o‘z vaqtida tegishli tibbiy maslahat hamda zarur muolajalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi.

Joriy yildan e'tiboran Saudiya Arabistonida barcha turdagi xizmatlarga 5 foizlik qo‘shimcha qiymat solig‘i va mehmonxonalarga yana 2,5 foizlik soliq kiritildi. Bu, o‘z navbatida, xizmat ko‘rsatish narxlarini oshishiga sabab bo‘ladi.

Lekin o‘zbekistonlik har bir ziyoratchi uchun belgilagan xizmatlar narxi oshirilishi o‘rniga, sezilarli darajada tushirildi. Prezident tashabbusi bilan Haj mavsumi uchun sarf-xarajatlari smetasi bo‘yicha har bir ziyoratchidan olinadigan mablag‘ 33 million 300 ming so‘m etib belgilandi. Ya'ni narx 5 million so‘mga arzonlashtirildi.

Yana bir muhim yangilik - bu yil o‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida birinchi marotaba “Masjid an-Nabaviy”dan 50 metr uzoqlikda joylashgan besh yulduzli “Pulman zamzam” mehmonxonasiga joylashishadi. Makka shahrida esa Haramdan uzoq bo‘lmagan to‘rt yulduzli “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida istiqomat qilishadi.

Hojilarimiz uchun 24 soat davomida zamonaviy avtobuslar bepul xizmat ko‘rsatadi. Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 35 nafardan iborat ishchi guruhi, 140 nafar guruh rahbari, 35 nafar shifokor va 15 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi.

Joriy yilning 15 iyul kuni “Haj-2019” mavsumi ziyoratchilari uchun mehmonxona, tibbiy markaz, oshxona va boshqa tashkiliy masalalarni hal etish maqsadida 10 nafardan iborat ishchi guruhi a'zolari Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi. Ular ziyoratchilar uchun barcha qulay sharoitlarni tayyorlash ishlarini yakuniga yetkazdi.

2019 yilning 24 iyul – 3 avgust kunlari o‘zbekistonlik 7 ming nafardan ziyod ziyoratchini “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Urganch-Madina, Namangan-Madina, Nukus-Madina yo‘nalishlarida haj safariga kuzatish tashkil etiladi.

Joriy yilning 24 iyul, ya'ni ertaga birinchi reys Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketadi. O‘zbekistonlik hojilarni joriy yilning 17 avgust - 1 sentabr kunlari “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK samolyotlarida Jidda-Toshkent, Jidda-Buxoro, Jidda-Samarqand, Jidda-Urganch, Jidda-Qarshi, Jidda-Nukus, Jidda-Namangan yo‘nalishlari bo‘yicha vatanga olib kelish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid