16:13 / 23.07.2019
4896

OTMga oid qarorlar qabul qilishda, muhokamalarda talabalar ishtiroki zarur - Akmal Burxonov

Foto: KUN.UZ

Oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini maksimal darajada shaffof o‘tkazishga harakat qilinayotgani, OTM imtihonlar, kurs va bitiruv ishlari tekshiruvida neytrallikning ta'minlanayotgani sohada korrupsiyaga qarshi kurash choralari ko‘rilayotganining bir isboti, deb hisoblaydi «Yuksalish» umummilliy harakati rahbari Akmal Burxonov.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va NNT raisi Burxonovning aytishicha, hali oliy ta'lim sohasida korrupsiogen holatlar mavjud.

«Oldimizda hali talay ishlar turibdi va bu boradagi ishlarni jadallashtirish lozim. Ushbu masala haqida qanchalik oshkora gapirsak, jamiyatning muammoning jiddiyligi va unga qarshi kurashish muhimligini anglab yetadi. Buning uchun oliy ta'lim sohasi ham jamoatchilik uchun ochiq va oshkora bo‘lishini ta'minlash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Oliy o‘quv yurtlariga oid muhim qarorlar qabul qilinishi, ularning muhokamasida talabalar uyushmalari, kengashlari ishtiroki, shuningdek tashkil etiladigan turli komissiyalar tarkibiga talabalarning ham kiritilish zarur», — deydi u.

«Yuksalish» harakati rahbari talabalar va oliy o‘quv yurtlari rahbariyati to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga kirishish imkoniyatini beruvchi mexanizmlarni joriy etish masalasiga ham to‘xtaldi. 

«Qabul va appelyatsiya komissiyalari tarkibiga jamoatchilik hamda OAV vakillari kiritish kerak. Diplom ishlari, taqrizlar va opponentlarning fikrini jamoatchilikka oshkora e'lon qilishni yo‘lga qo‘yish kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Top