O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari rektorlari va Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri O‘zbekiston xalqiga murojaat qildi. Ushbu murojaatda Oliy ta'lim sohasi vakillari pora olmaslikka qasamyod qilishgan.
Video: Youtube
«Bundan bir asr muqaddam ona yurtimiz Turkiston o‘lkasi taqdiri ziyolilarimizning hayot-mamot masalasiga aylangan paytda buyuk ma'rifatparvar olim Abdurauf Fitrat «Har bir mamlakatning tolesi va taraqqiyoti yoshlarga qanday ta'lim va tarbiya berilishiga har tomonlama bog‘liqdir», degan ezgu shiorni o‘rtaga tashlagan edi.
O‘tgan og‘ir va mashaqqatli yillar buyuk kelajakni har tomonlama yetuk va yuksak malakaga ega mutaxassis kadrlar tayyorlamasdan qurish mumkin emasligini tasdiqladi.
Shu bois, mamlakatimizda sog‘lom va har qanday illatlardan xoli bo‘lgan ta'lim-tarbiya muhitini shakllantirish bugun har birimizning muhim va ustuvor vazifamiz bo‘lmog‘i lozim» , — deyiladi murojaatda.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyev 17 iyul kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda nutq so‘zlab, quyidagi fikrlarni bildirdi:
«Barcha rektorlarni oliy ta'lim muassasalarida korrupsiya balosiga qarshi kurashishda jamoat tashkilotlari hamda ota-onalar bilan faol hamkorlik qilishga, hamjihatlik bilan kurashishga chorlab qolaman».
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi rahbari Majid Karimovning ta'kidlashicha, abituriyent va ota-onalarda test o‘tkazish jarayonida noqonuniy ishlar, qonunbuzilishlar bo‘lishi mumkinligiga shubha qolmasligi kerak.
«Buning uchun juda katta chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Avvalgi jarayonlarda nazarda tutilmagan ishlar qilinyaptiki, bu, albatta, shaffoflik va adolatni o‘rnatadi, abituriyentlar sog‘lom raqobat asosida OTMga kirish imkoniyat to‘liq ta'minlaydi», — deya qo‘shimcha qilgan u.
«Korrupsiyasiz ta'lim tizimi — har bir davlatning ertangi kuni. Xalqimiz bejiz qush uyasida ko‘rganini qiladi, demaydi.














