O‘zbekiston | 09:30 / 25.07.2019
13388
2 daqiqa o‘qiladi

Fransuz-italyan aviakonserni O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi - Transport vazirligi

Foto: Aviation Tribune

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida ATR fransuz-italyan aviakonsernining Rossiya Federatsiyasi va Markaziy Osiyoda savdolar bo‘yicha vitse-prezidenti Jyerom Gabori boshchiligidagi delegatsiya bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Vazirlik xabariga ko‘ra, chet ellik hamkorlar ATR kompaniyasining mahsulotlari taqdimotini o‘tkazdi, xususan ATR Aircraft kompaniyasining marketing bo‘yicha menejyeri Andjuli Devild ATR 72-600 mintaqaviy samolyotining texnik parametrlari va iqtisodiy ko‘rsatkichlari borasida batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi. Shuningdek, ushbu turdagi havo kemalari yoqilg‘i sarflashda tejamkorligi borasida alohida ta'kidlab o‘tdi.

Muzokaralar yakunida ATR kompaniyasi tomonidan tashkil etilishi ko‘zda tutilayotgan hamkorlikning iqtisodiy tafsilotlari, texnik jihatlari, jumladan, uchuvchi tarkib va texnik xodimlarni o‘qitish, shuningdek ehtiyot qismlarni yetkazib berish va texnik xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan batafsil takliflar tayyorlanishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.