Jamiyat | 10:01 / 01.08.2019
4433
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahar markaziy chiqindixonasini modernizatsiya qilish taklif etilmoqda

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida Samarqand shahar markaziy chiqindixonasini modernizatsiya qilish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Samarqand shahrida chiqindixonalarni tartibga keltirish maqsadida turli tadbirlar olib borilmoqda. Chiqindixonalarga turli qattiq maishiy va xo‘jalik chiqindilari uchun alohida bunkerlar qo‘yilmoqda. 

“Lekin Samarqand shahrining chekkasida xalq tilida “musorosvalka” nomini olgan chiqindixonani tartibga keltirishning ilojini qila olishmayapti. Chiqindilarning tartibsiz ravishda to‘kilishi oqibatida juda katta hudud ifloslangan”, - deyiladi murojaatda. 

Bildirilishicha, atrof-muhitga, shu jumladan, Xishrav, Kimyogarlar, Charxin shaharchalari joylashgan hudud aholisining sog‘ligi va salomatligi uchun xavfli bo‘lgan tutun va gazlar ajralib chiqib, atrofga tarqalmoqda. 

“Kech tushgach, Kimyogarlar shaharchasiga bir kelsangiz, shaharga o‘t ketganmi deb o‘ylaysiz. Negaki, hammayoq ko‘m-ko‘k tutun bilan qoplangan bo‘ladi. Derazalarni ochiq qoldirsangiz, uyingiz achimsiq tutunga to‘ladi. Yuqoridagi muammolarni hal etish choralari ko‘rilishini istaymiz. Chunki atrofda 50-60 mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Samarqand shahar tashqarisidagi markaziy chiqindixonani modernizatsiya qilish taklif etilgan.

Mavzuga oid