Jahon | 08:07 / 23.08.2019
101945
3 daqiqa o‘qiladi

Boris Jonson Makron oldida oyog‘ini stol ustiga qo‘yib oldi (video)

Foto: Christophe Petit Tesson, Pool via AP

Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri Boris Jonson Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron bilan Yelisey saroyidagi uchrashuvida qahva stolchasi ustiga oyog‘ini qo‘ydi. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Jonsonning bu xatti-harakatini qizg‘in muhokama qilishga tushib ketishdi.  

Tvitterda Jonson Makron oldida bir oyog‘ini stolcha ustiga qo‘ygan holda tushgan suratga izohlarda “Dong‘i ketgan britancha xulq-atvor”, “Masxarabozlik”, “Butkul hurmatsizlik” va “Qanday sharmandalik” kabi kinoyali izohlarni uchratish mumkin. Jonson haqida biografik qitob muallifi Sonya Pernell esa “Qo‘pol va qizarishga majbur qiladi. Faraz qiling, Makron Bukingem saroyida oyog‘ini stolga qo‘yib olsa”, deb yozgan.

Biroq tanqidiy izohlar orasida Jonson nomiga maqtovlar ham bo‘lgan. Ba'zi foydalanuvchilarning fikricha, Britaniya bosh vaziri Brexit bo‘yicha qizg‘in muzokaralar oldidan “vazmin va erkin ko‘rinmoqda” va Fransiya prezidentiga “bu yerda kim bosh ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqda”.  

Sky News britan telekanali esa ushbu vaziyatni umuman boshqacha talqin qilgan. Reuters axborot agentligining kadrlarida Makron kulimsirab stolchaga urib, Jonsonga uni oyoq uchun taglik sifatida qo‘llashi mumkinligini aytgan. Britaniya bosh vaziri ushbu hazilni qabul qilib, suratkashlarga o‘girilib, bir soniyaga tuflisini stol chetiga qo‘ygan va shundan keyin “Mazur tutasiz” deb uni darrov tortib olgan. 

“Yo‘q, Boris Jonson Makron ko‘zi oldida oyog‘ini stol ustiga qo‘yib Fransiyani haqoratlamadi. Internetda hamma narsaga tez munosabat bildiriladi va ba'zida juda tez. Bu gal ham shu narsa yuz berdi”, deb yozilgan Le Parisien nashri saytida.

Mavzuga oid