O‘zbekiston | 17:23 / 24.08.2019
28307
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Senati Markaziy saylov komissiyasining yangi a'zolarini sayladi

Oliy Majlis Senatining 21-yalpi majlisida Markaziy saylov komissiyasiga 9 nafar yangi a'zo saylandi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, ovozga qo‘yilgan quyidagi barcha nomzodlar ma'qullangan:

• Bahodirjon Yunusov – Andijon viloyati hokimligining tashkiliy-nazorat guruhining bosh mutaxassisi (xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi tomonidan tavsiya etilgan)

• Iroda Kenjayeva – Buxoro viloyati tibbiy diagnostika markazi direktori (xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi tomonidan tavsiya etilgan)

• Alisher Isoqboyev – Namangan davlat universitetining yoshlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha prorektori (xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi tomonidan tavsiya etilgan)

• Xudoyor Mamatov – Yuristlar malakasini oshirish markazi direktorining o‘quv-uslubiy va ilmiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari  (xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi tomonidan tavsiya etilgan)

• Adham Ibodullayev – Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamentining bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari  (xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashi tomonidan tavsiya etilgan)

• Muhayyo Jo‘rayeva – “Hunarmand” uyushmasining Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i (xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi tomonidan tavsiya etilgan)

• Orzigul Qozixonova – Farg‘ona viloyati Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi apparatining yuridik bo‘limi mudiri  (xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan tavsiya etilgan)

• Sherzodxon Qudratxo‘jayev – Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press-klub NNT raisi  (xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan tavsiya etilgan)

• Gulnoza Ismoilova – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori  (xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan tavsiya etilgan).

Foto: Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati

Mazkur nomzodlar kecha, 23 avgust kuni Qonunchilik palatasi majlisida saylangan va ma'qullash uchun Senatga yuborilgan edi.

Shuningdek, Abdumanob Mirzayev, Abdullaxon To‘raxo‘jayev, Yoqub Fattoyev va Temir Shirinov o‘z arizalariga muvofiq MSK a'zoligidan chiqarildi.

Ma'lumot uchun, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar to‘g‘risidagi takliflar Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan parlamentga kiritiladi.

Mavzuga oid