O‘zbekiston | 10:30 / 30.08.2019
14643
3 daqiqa o‘qiladi

Yangicha mobil texnologiyalarga asoslangan maktab darsliklari taqdim etildi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

Xalq ta'limi vazirligi 2019-2020 o‘quv yili uchun nashr etilgan 8-sinf Texnologiya, 8-sinf O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi, 9-sinf Konstitutsiyaviy huquq asoslari darsliklaridagi qator yangiliklar sirasiga ilk bor QR-kodi ham kiritdi.

8-sinf O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi darsligida QR-kodi 60 ta mavzuga alohida-alohida o‘rnatilgan bo‘lib, mavzuga oid qo‘shimcha manbalaridan foydalanish imkonini berdi.

Shuningdek, 8-sinf Texnologiya darsligi ham 16 ta amaliy mashg‘ulotga QR-kodi kiritilgan holda chop etildi. Bu orqali o‘qituvchi va o‘quvchilar video shaklida amaliy mashg‘ulotning amalga oshirilishini ko‘rishlari mumkin.

9-sinf Konstitutsiyaviy huquq asoslari darsligining 192-196-betlariga o‘quvchi va o‘qituvchilarga qulaylik yaratish maqsadida QR-kodi yordamida olinadigan fanga qo‘shimcha adabiyot hamda manba, qonun, qaror, huquqiy-me'yoriy hujjatlar kiritildi.

Bunday tajriba kelgusida boshqa darsliklarga ham QR-kodi joylashtirish orqali ularni internet resurclariga bog‘lash, bitta saytda jamlash va Xalq ta'limi vazirligining rasmiy veb-sayti – uzedu.uz da doimiy to‘ldirib borish imkoniyatini beradi.

QR-kod nima? QR-kod mazmun-mohiyatiga asosan ingliz tilidan olingan bo‘lib, “QuickResponse” so‘zlarning qisqartmasi hisoblanadi va “tezkor javob” ma'nosini bildiradi.

Bu kodning qulayligi shundaki, u skanerlovchi uskuna (mobil telefon, fotoapparat yoki qo‘l skaneri) yordamida oson va tez o‘qish hamda kodlash imkonini beradi.

QR-kodining eng asosiy afzalliklaridan biri - u giperhavola tarzida ishlay oladi. Bu birdaniga ko‘p ma'lumot haqida xabar berish, zarur bo‘lgan holatlarda yoki uni soddalashtirish kerak bo‘lganda juda qulay vosita sanaladi. QR-kodi elektron ma'lumotlar uzatish tamoyiliga asoslanadi. Bu, ayniqsa, ko‘p miqdordagi axborotni uzatish yoki undan foydalanishni soddalashtirishda qo‘l keladi.

Hozirda QR-kodini o‘qish uchun juda ko‘p dasturlar mavjud. Ulardan eng ko‘p tarqalganlari: “iPhone” qurilmalari uchun “Bakodo”, “Android” tizimida ishlovchi qurilmalar uchun esa “Barcode scanner” dasturlaridir. 

Hozirgi kunda kameraga ega zamonaviy telefonlar kvadrat ko‘rinishdagi tasvir ostida yashiringan ma'lumotlarni oson o‘qish imkoniyatini beradi. Buning uchun bor-yo‘g‘i mobil telefon kamerasini QR-kodiga yo‘naltirgan holda maxsus ilova dasturi orqali kodni rasmga tushirib, ma'lumotlarni yuklab olish yetarli hisoblanadi.

Mavzuga oid