O‘zbekiston | 19:48 / 06.09.2019
3369
3 daqiqa o‘qiladi

To‘qimachilik sanoatiga xorijlik texnologlarni jalb qilishga majbur bo‘lmoqdamiz - «O‘zto‘qimachisanoat»

Bugun, 6 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zto‘qimachisanoat» uyushmasi mutasaddilari va jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjuman davomida «O‘zto‘qimachisanoat» uyushmasi raisi Ilhom Haydarov to‘qimachilik sohasi keyingi yillarda sezilarli darajada o‘sayotgani haqida ma'lumot berdi.

«Bu sohada eksport salohiyatimiz ham rivojlanmoqda. 2018 yili 1,6 milliard AQSh dollari miqdorida to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan bo‘lsak, joriy yil mahsulotlarimiz eksporti hajmi 2 milliard dollarga yetishi kutilmoqda», deydi Ilhom Haydarov.

Shuningdek, «O‘zto‘qimachisanoat» uyushmasi raisi sohada faoliyat yuritayotgan kadrlar malakasi bo‘yicha kamchiliklar va hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Bugungi kunda juda katta investitsiyalar hisobiga sanoatimizni rivojlantirdik. To‘qimachilik sanoatida ham rivojlangan texnologiyalar mavjud. Lekin ularni ishlata olish alohida masala bo‘lib qolmoqda.

Afsuski, biz bugun texnologiyalarni ishlatish uchun chet ellik texnologlarni jalb qilmoqdamiz. Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston va hatto, Bangladeshdan ham mutaxassislarimiz bor», deya uyushma raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uyushma raisining ma'lumotiga ko‘ra, to‘qimachilik sanoatiga kerakli kadrlarni tayyorlash uchun Oliy ta'lim vazirligi hamda To‘qimachilik va yengil sanoat instituti bilan qo‘shma «Yo‘l xaritasi» tuzilgan. Tizimda ayni paytda 3ta pog‘onada kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Mutaxassislarni qayta tayyorlash, oliy ta'lim berish va kichik-kichik kurslarda kadrlar tayyorlash orqali ularga bevosita mutaxassisliklar berish shular jumlasidan.

«Kadrlar tayyorlash borasida qilinayotgan ishlar samarasi kelasi bir necha yilda namoyon bo‘lishiga umid qilamiz», deya qo‘shimcha qildi Ilhom Haydarov. 

Mavzuga oid