Jamiyat | 17:00 / 15.09.2019
13195
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «Rakat» jome masjidining yangi binosiga birinchi g‘isht qo‘yildi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi «Rakat» jome masjidining eski binosi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon boshchiligida barpo etilgandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘sha davrlarda «Rakat» mahallasida yashovchi Mirjalil ota o‘ziga tegishli bo‘lgan bog‘dan 8 sotix yer ajratib, bu joyni masjid qurish uchun bergan. Shundan so‘ng 1954 yil masjid tiklangan va o‘z faoliyatini shu kunga qadar davom ettirib kelmoqda.

O‘tgan davr mobaynida ushbu masjid binosi eskirib, poydevorlari yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Qolaversa, oxirgi paytlarda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotgan edi. Shu sababli mahalla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini ilgari surdi. Ushbu xayrli tashabbus O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangach qayta qurish ishlari boshlab yuborildi.

Shu yil 14 sentabr kuni «Rakat» jome masjidining yangi binosiga birinchi g‘isht qo‘yish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Marosimga yig‘ilgan ulamolar va mo‘ysafidlar masjid ko‘p yillar xizmat qilishini niyat qilib, birinchi g‘ishtni qo‘yib berdi.