O‘zbekiston | 15:26 / 18.09.2019
43565
7 daqiqa o‘qiladi

Forbes: O‘zbekiston – Xitoy qurayotgan yangi ipak yo‘lidagi yashirin javohir

Foto: Kenzaburo Fukuhara - Pool/Getty Images

O‘zbekiston jahonning eng diqqatga molik investitsion hududlaridan biriga aylanish imkoniyatiga ega. Yangi prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatni sotsializmdan kapitalizmga o‘tkazish harakatlari 50 mlrd dollar YaIM qiymatidagi iqtisodiyotni investorlar nazariga tushirishi kutilyapti, deb yozmoqda Forbes nashri.

«O‘zbekiston – Xitoy tiklayotgan yangi ipak yo‘lidagi yashirin javohir» sarlavhali maqolada muallif, O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lida joylashgan qadimiy shaharlari Toshkent va Samarqand bilan mashhurligiga diqqat qaratgan.

«Bir-biri bilan 344 kilometrlik tezyurar poyezd yo‘li bilan bog‘langan bu shaharlar AQSh-Xitoy savdo urushi avj olayotgan bir paytda jahon savdosida muhim o‘rin tutadi», – deb ta'kidlangan nashrda.

Hozir Toshkentda 1,7 mlrd dollarlik xalqaro biznes va moliyaviy hab barpo etilmoqda. Loyiha sanoat parki, 8ta biznes-markaz, yirik savdo majmuasi, restoranlar va madaniy markaz, shuningdek, 70 gektar maydondagi turar-joy majmualarini o‘z ichiga oladi, deya ma'lumot berilgan Forbes maqolasida.

Muallif Rayner Maykl Prayssning fikricha, O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev boshchiligida jahonning eng tez o‘sayotgan iqtisodiyotlaridan biri bo‘lib turibdi.

«Bor-yo‘g‘i ikki yildan ko‘proq vaqt ichida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy yopiqlikdan erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tdi. Mirziyoyev valuta ayirboshlash kursini erkin oqimga o‘tkazdi, moliyaviy egalik huquqini mustahkamladi, strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan biznes turlaridagi davlat ulushini sotish orqali xususiylashtirish tashabbusini bildirdi.

Bu islohotlar ortidan, mamlakat hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda turistlar oqimi 2018 yilga qaraganda 2 baravardan ko‘proqqa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya miqdori esa 2019 yilning birinchi yarmida bir yil oldingiga nisbatan 4 baravarga oshgan», deb yozgan xalqaro nashr.

Qayd etilishicha, G‘arb davlatlarining katta qismi qarzga botgan bir paytda O‘zbekistonning tashqi qarzi YaIMning 19,8 foizini tashkil qiladi. Fevral oyida mamlakatning ilk xalqaro suveren obligatsiyalari qiymati 1 milliard dollarni tashkil qildi. 10 yil muddatga 5,375 foizdan joylashtirilgan yevrobondlar narxi hozir 110 dollarga teng, ularning daromadliligi 4 foizga tushgan. Standart & Poors va Fitch Ratings agentliklari reytinglarida O‘zbekiston – Boliviya, Braziliya va Bangladesh kabi – o‘rta investitsion darajadan uch pog‘ona pastda, ya'ni BB- kategoriyasida qayd etilgan.

Ammo faxriy investor Mark Mobiusning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro moliya menejyerlarida O‘zbekistonning kredit reytingiga nisbatan tobora ijobiy fikr uyg‘onmoqda. Mamlakat investorlar uchun jozibali ekaniga sabablardan yana biri esa u yerda gaz, oltin va boshqa metallar kabi tabiiy boyliklar ko‘pligidir, deydi u. O‘zbekiston, shuningdek, paxta eksporti bo‘yicha jahonning yetakchi davlatlaridan biri sanaladi.

«Hozir O‘zbekistonning mahalliy tadbirkorlari biznes uchun kapitalga katta ehtiyoj sezmoqda, biroq ichki kapital bozori ularning bu ehtiyojini to‘la qondirishga qodir emas», deydi investitsion faoliyatga doir konsultativ xizmatlar ko‘rsatuvchi Daruma Sapital kompaniyasi boshqaruv hamkori Yodgor G‘ofurov.

Uning aytishicha, bank sektoridagi boshqaruv tizimining konservativligi va mahalliy kredit stavkalari yuqoriligi (Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini 16 foiz etib belgilagan) sabab kompaniyalar ichki bozordan kredit olishni istashmayapti. Bu esa O‘zbekiston kabi tez o‘sib borayotgan bozorlarni egallashga tayyor xorijlik investorlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

O‘zbekistonda ayniqsa bank sektori xalqaro investorlar uchun katta imkoniyat bo‘la oladi. Aholining aksariyat qismi avvalboshdan bank xizmatlaridan deyarli foydalanmaydi. Ayrim ekspertlarning baholashlaricha, bor-yo‘g‘i 5 foiz aholi bankda o‘z hisob-raqamiga ega, ko‘pchilik hamon o‘z jamg‘armalarini naqd pul ko‘rinishida saqlamoqda. Bu holat, yangi hukumat maoshlar bank hisob-raqamlari orqali to‘lanishi bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritayotganini inobatga olsak, tez orada o‘zgaradi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2018 yilda 6 foizga o‘sdi. Xalqaro Valuta Jamg‘armasi prognozlariga ko‘ra, keyingi bir necha yil davomida bu o‘sish hatto 8 foizni ham tashkil etib borishi mumkin. 33 million aholining 64 foizini yoshlar, ya'ni 35 yoshga to‘lmaganlar tashkil etishini hisobga olsak, O‘zbekistonda hali o‘sish uchun potensial yuqori.

Hozir O‘zbekistonda YaIM aholi jon boshiga 1500 dollarga to‘g‘ri keladi va bu – Markaziy Osiyodagi eng past ko‘rsatkichdir. Aholisi O‘zbekistonnikidan besh baravar kam va tabiiy resurslari yo‘q Gruziyada esa bu ko‘rsatkich 4500 dollarga teng. Neft zaxiralariga boy Qozog‘istonda esa YaIM kishi boshiga 9000 dollarni tashkil qiladi.

O‘zbekiston Qirg‘iston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, va Afg‘oniston bilan chegarada joylashgani bilan butun Markaziy Osiyoga tramplin vazifasini ham o‘taydi. Mamlakatning strategik joylashuvi uni Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusida muhim bog‘lovchi bo‘g‘inga aylantirgan.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati mamlakatni o‘ta tezlik bilan sanoatlashtirmoqda. Bu jarayonda Janubiy Koreya va Xitoy avto ishlab chiqaruvchilari O‘zbekistonda an'anaviy avtomobillar va elektromobillar ishlab chiqarishga jalb etilmoqda. Dekabr oyida mamlakat janubidagi Qashqadaryoda sintetik ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun Xitoy, Koreya, Yaponiya va Rossiyadan 2,3 milliard dollarlik investitsiya jalb qilingan.

«Ko‘pincha jiddiy e'tibordan chetda qolib, yaxshi o‘rganilmagan bo‘lsa-da, O‘zbekiston aksiyalari sarmoyadorlarga yuqori investitsion muhit va jiddiy ichki bozorni taqdim eta oladi», deydi «Asia Frontier Capital» O‘zbekiston fondi axborot xizmati boshlig‘i Skott Osheroff. Uning ta'kidlashicha, Toshkent fond birjasida ko‘plab kompaniyalar 5 baravardan kamroq P/E darajasida savdo qilishmoqda va dividenddan 25 foizgacha daromad taklif qilishyapti.

Xorijiy investorlar O‘zbekistonda qulay muhitni tanlab olishlari uchun biroz vaqt kerak bo‘lmoqda xolos, deb qo‘shimcha qilgan Osheroff.

Mavzuga oid