Bugun dunyoda eng boy odamlar deb puli dollarda milliarddan oshganlarga aytiladi. Qizig‘i, har yili ularning soni oshib bormoqda.

Masalan, Forbes nashri ma’lumotlariga ko‘ra, asrimiz boshida, 2001 yilda Yer yuzida puli milliard dollardan oshganlar soni 564 nafar bo‘lgan. Hozirga kelib ularning soni 2 100 nafardan oshgan.

Agar milliarderlar tarixiga nazar tashlansa, dunyoda puli milliard dollardan oshgan birinchi inson “neft qiroli” deb ataladigan Jon Rokfeller bo‘lgan.

Bu inson Amerikadagi neft qazib olish, uni qayta ishlash va sotish bilan shug‘ullangan Standard Oil kompaniyasiga egalik qilgan. Rokfellerning puli 1916 yilda milliard dollardan oshgan.

Aytgancha, Forbes 1987 yildan buyon har yili dunyodagi milliarderlar reytingini e’lon qilib keladi. Bunda nashr reyting e’lon qilinayotgan paytda dunyo boylari egalik qilib kelayotgan kompaniyalarning narxi yoki aksiyalarining bahosini hisoblaydi.

Bundan tashqari, ro‘yxatni shakllantirishda milliarderlarning mol-mulklari narxlari va boshqa omillar inobatga olinadi.

Bundan bir necha oy oldin Forbes nashri 2024 yilning eng boy odamlari ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra ro‘yxatning yuqori yigirmataligiga kirganlarning boyligi 2,48 trillion dollarni tashkil etgan.

Quyida ro‘yxatning dastlabki yigirmataligiga kirgan boylar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tamiz.

Foto: alamy.com

20. Jyensen Xuang (AQSh)

Yoshi – 61 da

Boyligi – 77 mlrd

Asosiy sohasi – Nvidia

Tayvanda tug‘ilgan Jyensen keyinchalik AQShga ko‘chib o‘tgan. U 1993 yildan buyon yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasi prezidenti va bosh direktori hisoblanadi.

Jyensenda kompaniyaning bor-yo‘g‘i 3 foiz aksiyasi bor. Biroq shu ham uning 77 mlrd dollar bilan dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida 20-o‘rinni egallashiga kifoya qildi. 2023 yilda Jyensen 21,1 mlrd dollar pul bilan dunyo boylari ro‘yxatida 60-o‘rinni egallagan edi.

So‘nggi yillarda yarim o‘tkazgichlarga talab keskin ortdi va bunday mahsulot ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning aksiyalari narxi ham sezilarli oshdi. Shuning hisobidan yarim o‘tkazgich ishlab chiqaruvchi kompaniyalar egalarining boyligi ham salmoqli ko‘paydi.