Jahon | 19:41 / 11.10.2019
11733
2 daqiqa o‘qiladi

Ochiq koinotga chiqqan ilk inson Aleksey Leonov vafot etdi

Sobiq ittifoq fazogiri, ochiq koinotga chiqqan ilk inson Aleksey Leonov 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda Gagarin nomidagi fazogirlarni tayyorlash markazida ma'lum qilindi. 

Ta'kidlanishicha, Leonov oxirgi mahal ko‘p betob bo‘lgan. Fevral boshida qand kasalligi sababli uning barmoqlari operatsiya qilingan va shundan keyin muntazam ravishda shifoxonalarda davolangan.

Leonov koinotga ilk parvozini 1965 yil martda amalga oshirgan. U “Vosxod-2” kemasining ikkinchi uchuvchisi bo‘lgan. Fazogir ushbu parvoz vaqtida insoniyat tarixida birinchi bo‘lib ochiq koinotga chiqib, u yerda 12 daqiqa qolgan. 

1960-yillar oxirida Leonov Oyga parvozga tayyorgarlik ko‘rgan va uning sirtiga oyoq qo‘ygan ilk inson bo‘lishi mumkin edi, ammo sobiq ittifoq “Oy poygasi”da AQShga mag‘lub bo‘lgan. 

Leonov ikki marta sobiq ittifoq qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

Afsonaviy fazogir bilan vidolashuv marosimi 15 oktyabrda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid