O‘zbekiston | 19:05 / 07.11.2019
4576
6 daqiqa o‘qiladi

Nobel mukofoti sovrindori Dan Shextman TIQXMMIdagi uchrashuvda qatnashdi

Bugun, 7 noyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Nobel mukofoti sovrindori Dan Shextman bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvda institutda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda xorijiy talabalar ham ishtirok etishdi. Tadbirni institut rektori, professor O‘ktam Umurzakov boshqarib bordi.

Uchrashuvda olim Dan Shextman bilan birga Isroilning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Eddi Shapiro, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov ishtirok etishdi.

«Olimning institutga tashrifi ham bejiz emas. Keyingi yillarda institutda ta'lim dasturlarini, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar tarkibini xorijlik talabalar va mutaxassislar bilan boyitish, ilmiy yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish ishlariga katta e'tibor berilayotgani sir emas. Buning natijasi o‘laroq, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marta 2020 yil uchun QS ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari universitetlari reytingida qayd etildi. Shuning uchun ham Nobel mukofotining sovrindori o‘z nutqida ta'lim muassasamiz sharafiga iliq dil izhorlarini aytib taklif uchun o‘z minnatdorligini bildirib o‘tdi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, institutning kelajakdagi taraqqiyot strategiyasi hamda faoliyatida muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ta'lim, ilmiy-tadqiqot hamda salohiyatni yuksaltirish, rivojlangan mamlakatlardagi ilg‘or oliy ta'lim va ilmiy muassasalar bilan o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikka alohida e'tibor qaratilgan.

Bugungi kunda institutda 464 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Ularning 2 nafari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, 56 nafar fan doktori, professorlar, 184 nafar fan nomzodi va PhD ilmiy darajasiga va dotsent ilmiy unvonlariga ega bo‘lganlar, 221 nafari katta o‘qituvchilar, assistentlardan iborat. Institutning ilmiy salohiyati 52 foizni tashkil etadi.

Institutda 5ta fundamental, 20ta amaliy, 2ta yosh olimlar amaliy hamda 5ta innovatsion grant loyihalari, 10dan ortiq soha tashkilotlari bilan tuzilgan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik hamda xo‘jalik shartnomalari, 60dan ortiq Davlat budjeti hisobidan tashabbuskor ilmiy ishlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi», deyiladi institut matbuot xizmati xabarida.

Institutda deyarli dunyoning barcha qit'alaridagi rivojlangan mamlakatlardagi, xalqaro reyting tizimi doirasida ilg‘or sanalgan qator, respublika va mintaqaning o‘ziga xos tabiiy-ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarga mutanosib tarzda mo‘ljallangan dasturlarga ega bo‘lgan jami 85ta oliy ta'lim va ilmiy muassasalar bilan turli platformalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Oliy ta'lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda Yevropa Ittifoqining Erazmus Mundus hamda Erazmus+ dasturlari, AQShning USAID tashkiloti, Germaniyaning GIZ, Shveytsariyaning xalqaro hamkorlik tashkiloti, O‘zbekistonning «El-yurt umidi» jamg‘armasi kabi turli tashkilotlar tomonidan yaratilgan platformalardan keng foydalanilmoqda.

Shu bilan birga, Germaniyaning Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi (ZALF), Germaniyaning Leybnits O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti (IAMO), Birlashgan millatlar tashkiloti taraqqiyot dasturi (UNDP), Germaniyaning GIZ tashkiloti bilan mustahkam hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Institutda YuNeSKOning «Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof-muhit muhofazasi» kafedrasi tashkil etilgan va sohalararo platforma sifatida faoliyat yuritmoqda, uning maxsus laboratoriyasi barpo etilmoqda. Shuningdek, institutda Shvetsiya Qirollik universiteti bilan hamkorlikda «Geoinformatika» markazi, AQShning John Deer va Rossiyaning «Rosselmash» kompaniyalarining maxsus markaz va sinflari tashkil etilgani xalqaro hamkorlik ko‘lami kengligini ko‘rsatib turibdi.

Bugungi kunda institutda tayyorlov kursini qo‘shib hisoblaganda 30dan ortiq xorijlik talabalar tahsil olishmoqda. Institut faoliyatiga 14 nafar xorijlik professor-o‘qituvchilar jalb qilingan.

Mazkur yutuqlarning uzviy davomi sifatida bugun institutga «Texnion» Isroil texnologiya instituti professori, kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Dan Shextman taklif etildi. Olim «kvazikristal»larni kashf etgani bois 2011 yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq topilgan. Shuningdek, professor D.Shextman Isroil Fanlar akademiyasi, AQSh milliy texnik akademiyasi hamda Yevropa fanlar akademiyasi a'zoligiga saylangan.

Institutda o‘tkazilayotgan bugungi tadbir olim bilan o‘zaro do‘stona va ijodiy muloqot tarzida kechdi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga to‘laqonli javob olishdi.

Mavzuga oid