Iqtisodiyot | 19:30 / 15.11.2019
47121
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kamida 20ta yirik davlat korxonasi xususiylashtirilishi kutilmoqda

2023 yilgacha O‘zbekistonda kamida 20ta davlat kompaniyasini xususiylashtirish kutilmoqda. Hukumat shuningdek pensiya fondlariga qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritish huquqini berish uchun pensiya islohotlarini tezlashtirishni rejalashtirmoqda.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov

Davlat kompaniyalariga mo‘ljallangan xususiylashtirish dasturiga muvofiq kapital bozori orqali kamida 20ta yirik davlat korxonalarini xususiylashtirish kutilmoqda. Bu haqda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov 15 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojida kapital bozorining o‘rni» mavzusida xalqaro konferensiyada aytib o‘tdi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunnatilla Bekenov davlat kompaniyalarining aksiyalarini birlamchi IPO (initial public offering – birinchi kimoshdi savdosi) amaliyotini kengaytirish orqali respublikaning kapital bozorini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi va bu amaliyot investorlarni, shu jumladan, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va aholini fond bozoriga faol jalb qilish maqsadida respublikaning ichki kapital bozorida allaqachon amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunnatilla Bekenov

Sunnatilla Bekenovning so‘zlariga ko‘ra, «Aloqabank» va «O‘zsanoatqurilishbank» davlat banklari, shuningdek, O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi AJ aksiyalari kimoshdi savdosiga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Uning aytishicha, hukumat davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish uchun ushbu amaliyotni davom ettirishga sodiqdir.

«Davlat korxonalarini boshqarish va xususiylashtirish strategiyasi qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Unda davlat mulkini saqlab qolish va ularni ichki va tashqi bozorda raqobatlasha oladigan samarali korxonalarga aylantirish ko‘zda tutilgan», deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori.

Tadbirda hukumat pensiya fondlariga qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritish huquqini berish uchun pensiya islohotlarini tezlashtirishni rejalashtirayotgani haqida ham ma’lum qilindi. Bu xususiy pensiya jamg‘armalarini yaratishni anglatadi.

Xalqaro konferensiyada, shuningdek, davlat obligatsiyalarining ikkilamchi bozorini aholi tomonidan sotib olish imkoniyati bilan rivojlantirish rejalari e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi 2020–2025-yillarga mo‘ljallangan kapital bozorini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqmoqda. Mazkur strategiyani amalga oshirish natijasida erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlar hajmi O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 10-15 foiziga yetishi kutilmoqda. Hozir bu ko‘rsatkich YaIMning 0,2 foiziga teng xolos. Bundan tashqari, jahon amaliyotini hisobga olgan holda kapital bozorida qimmatli qog‘ozlar turlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Mutaxassislarning qayd etishicha, ushbu maqsadga erishish O‘zbekiston kapital bozori mamlakat iqtisodiy o‘sishining drayveriga aylanishiga imkon beradi.

Mavzuga oid