O‘zbekiston | 14:00 / 23.11.2019
6078
2 daqiqa o‘qiladi

Invest in Samarkand: Samarqandda xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda

Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida Invest in Samarkand I xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, forumda dunyoning 31 davlatidan 310dan ortiq ishbilarmonlar, nufuzli kompaniyalar va investitsiya fondlari vakillari ishtirok etyapti. Jumladan, Xitoy, Janubiy Koreya, Ispaniya, AQSh, Italiya, Isroil, Rossiya, Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Tojikiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston ishbilarmonlari faol qatnashmoqda. 

Forumning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ishtirokchilarni qutlab, mavjud investitsion salohiyat haqida to‘xtalib o‘tdi. 

Ta'kidlanganidek, ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur forumning maqsadi viloyat iqtisodiy salohiyatini yanada rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, investorlarni hudud imkoniyati va salohiyati bilan tanishtirishga qaratilgan.

Mintaqada iqtisodiyot va sanoatning agrar sektori, turizm hamda boshqa xizmatlar jadal sur'atlar bilan rivojlanmoqda. Davlat tomonidan energetika va suv xo‘jaligi, transport, kadrlar tayyorlash kabi sohalarga katta investitsiya kiritilmoqda. Qulay jug‘rofiy joylashuv bilan bir qatorda, viloyat ma'danli mineral zaxiralari, xususan, oltin, uran, volfram, shuningdek, kaolin, kvars, granit, marmar kabi tabiiy mineral resurslar hamda qurilish materiallariga boy. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar uchun turli xil imtiyoz va preferensiyalar berilmoqda.  

Forum doirasida Samarqand viloyati ishlab chiqaruvchilarining Made in Samarkand milliy ko‘rgazmasi tadbirlari ham bo‘lib o‘tmoqda.

Mavzuga oid