Jamiyat | 17:51 / 05.12.2019
8777
3 daqiqa o‘qiladi

Profilaktika inspektorlarini qo‘l kishanlari bilan ta'minlash 72 foizga yetkazildi - IIV

Bugungi kun holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi profilaktika inspektorlarini qo‘l kishanlari bilan ta'minlash 72 foizga yetgan. Bu haqda IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev bugun, 5 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

«Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ushbu masala ko‘tarilganidan so‘ng o‘tgan vaqt davomida profilaktika inspektorlarini qo‘l kishanlari bilan ta'minlash 45 foizdan 72 foizga ko‘tarildi. Vazirimizning topshiriqlariga asosan yana 3 kundan so‘ng bu ko‘rsatkich 100 foizga yetkaziladi», deya Baxtiyor Berdialiyevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda shuningdek, profilaktika inspektorlarining 97,4 foizi o‘zlari faoliyat olib borayotgan joylarda xizmat uyiga egaligi ma'lum qilindi.

«Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi qaroriga ko‘ra, ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta'minlash yo‘lga qo‘yildi. Bu borada maxsus dastur ham ishlab chiqilgan. Hozirgi kunga kelib tayanch punktlari profilaktika inspektorlarining 97,4 foizi o‘zlari faoliyat olib borayotgan ma'muriy hududlarda xizmat uy-joylariga ega. Ayni paytda profilaktika xodimlarining yana 2,3 foiziga mahalliy hokimliklar tomonidan yerlar tanlab olinib, qurilish ishlari ketmoqda.

Xizmat uylari mahalliy budjet hisobidan ajratilgan bo‘lib, ular tayanch punktlari profilaktika inspektorlari uchun xizmat faoliyati jarayonida yashashi uchun mo‘ljallangan. Boshqa ishga o‘tganda bu uy uning o‘rniga tayinlangan profilaktika inspektoriga o‘tadi. Shu sababli xizmat uylarini profilaktika inspektorlarining nomiga rasmiylashtirib berish ko‘zda tutilmagan», deydi Baxtiyor Berdialiyev.

IIV Bosh boshqarma boshlig‘ining qo‘shimcha qilishicha, tayanch punktlarining profilaktika inspektorlari o‘zlari faoliyat olib borayotgan joyda ajratilgan xizmat uylarida yashashlari shart. Agar ularning o‘zlariga ajratilgan xizmat uylarida yashamayotgani aniqlansa, ichki ishlar organlari safidan chetlashtiriladi.

Avvalroq Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida profilaktika inspektorlarining 55 foizida kishan yo‘qligi ma'lum qilingan edi. Shuningdek, profilaktika inspektorlariga xizmat uylari haligacha IIV balansiga olinmagani tanqid qilingan, iloji bo‘lsa, bu uylarni xodimlarga ipoteka krediti asosida ajratish kerakligi aytilgan edi.

Mavzuga oid