15:54 / 14.12.2019
0
4722

«Ixtisoslashgan bog‘chalarda sog‘lom bolalarning ham ta'lim olishi holatlari kuzatilgan» - Agrippina Shin

Foto: KUN.UZ

Jismoniy, aqliy imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashgan bog‘chalarda salomatligi bilan hech qanday muammosi bo‘lmagan bolalar tarbiyalangani holatlari qayd etilgan.

Bu masalaga maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin Senatning 25-yalpi majlisida to‘xtalib o‘tdi.

“Imkoniyati cheklangan bolalar uchun 970ta guruhdan iborat 148ta bog‘cha faoliyat ko‘rsatib kelgan. Ulardagi faqat 846ta guruh ishlayotgani ma'lum bo‘ldi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ixtisoslashgan bog‘chalardagi 12,240 nafar tarbiyalanuvchining faqatgina 3400 nafari jismoniy/aqliy cheklovlarga ega. Qolganlari esa mutlaqo sog‘lom bolalar ekanligi aniqlangan”, − deydi vazir.

Agrippina Shinning ta'kidlashicha, bunday holatga ixtisoslashgan bog‘cha tarbiyalanuvchilari uchun bir qator imtiyozlarning mavjudligi sabab bo‘lgan.

“Guruhlarda bolalar sonining kamligi, bir qator kerakli tibbiy xizmatlarning mavjudligi, to‘lovning yo‘qligi kabi imtiyozlar sog‘lom bolalarni ham ixtisoslashgan bog‘chalarga joylashtirish holatlariga sabab bo‘lgan”, −dedi u.

Ma'lum qilinishicha, ixtisoslashgan bog‘chalar optimizatsiya qilinmoqda, ya'ni talabdan kelib chiqqan holda keraklilari qoldirilib, qolganlari oddiy bog‘chaga aylantirilgan. Buning natijasida iqtisod qilingan mablag‘ ixtisoslashgan bog‘chalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun sarflanmoqda.

Shuningdek, jismoniy/ruhiy imkoniyati cheklangan bolalar uchun yangi tipdagi − inklyuziv ta'lim asosidagi bog‘chalar tashkil etilmoqda. 

“O‘z reabilitatsion markaziga ega bo‘lgan “Imkon” bog‘chasi Nukus shahrida tashkil etildi. Uning reabilitatsion markazida nafaqat bog‘cha yoshidagi bolalar, balki 2-14 yoshgacha bo‘lganlar ham davolanishi mumkin. “Lukoyl” korxonasi bilan shartnomaga asosan bunday markazlar 2020 yilda Qashqadaryo va Toshkent viloyatida ham tashkil etilishi rejalashtirilgan”, − deya Agrippina Shinning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top