Fan-texnika | 15:37 / 14.12.2019
13174
3 daqiqa o‘qiladi

Porsche Hindistonda «maqtanchoq millionerlar» uchun elektrokarlar sotishni boshlaydi

Porsche Taycan Turbo S /Foto: Porsche

Germaniyaning Porsche avtomobil ishlab chiqaruvchisi 2020 yilda Hindistonda Taycan elektrokarlari sotuvini boshlaydi. Kompaniya sport mashinalarini yaxshi ko‘radigan va atrof-muhitga zarar yetkazishni istamaydigan mamlakatning boy fuqarolariga ishonmoqda.

Porsche Hindistonda kelgusi yil uchun mo‘ljallangan Taycan elektrokarlari sotuvini boshlashga tayyorlanmoqda. Mahalliy bojlar tufayli ushbu bozorda hashamatli mashinalar Yevropaga qaraganda qariyb 2,5 baravar qimmat turadi, nemis kompaniyasi elektromobil bilan maqtanish maqsadida 370 ming dollar sarflashga tayyor bo‘lgan badavlat hindistonliklarga tayanmoqchi, deb yozadi Bloomberg.

Porsche kompaniyasining Hindistondagi bo‘linmasi direktori Pavan Shettining so‘zlariga ko‘ra, Tesla rahbari Ilon Maskni (milliarderlarning global reytingida 40-o‘rin; boyligi - 22,3 mlrd dollar) ushbu bozorni o‘zlashtirishda aynan yuqori bojlar to‘xtatib turibdi. Avvalroq, Mask Hindistondagi yuqori bojlar Tesla elektrokarlarini juda qimmat narxga olib chiqib qo‘yishi mumkinligini aytgandi. Shuningdek, uning ta'kidlashicha, ushbu bozorga qiziqishi bor, ammo hozircha hech qanday harakatlar rejasi yo‘q. Shettining fikricha, bu Hindistonning emas, balki Maskning muammosidir. 

«Siz mamlakat qonunlarini o‘zgartira olmaysiz. Savol shundan iboratki, siz biznes bilan shug‘ullanishni xohlaysizmi yoki xohlamaysizmi. Men biznes bilan shug‘ullanishni istayman», - deya qayd etib o‘tdi u.

Shetti Taycan sotuvlarining boshlanishi sport mashinalarini yaxshi ko‘radigan va shu bilan birga, atrof-muhit haqida qayg‘uradigan «mijozlarning mutlaqo yangi segmentini» jalb qilishga yordam berishini qo‘shimcha qildi. 

«Biz hammamiz mas'uliyatli bo‘lishni xohlaymiz, ammo bu boylar orasida ko‘proq uchraydi, sababi ularda tanlov va resurslar mavjud», - dedi Sheti.

Capgemini konsalting kompaniyasining o‘tgan yilgi hisobotiga ko‘ra, 2017 yilda Hindistonda millionerlar soni Osiyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda tezroq o‘sgan. Biroq, o‘sha vaqtdan beri mamlakat iqtisodiyoti o‘sishi sekinlashdi, bu turli sohalarga, shu jumladan ketma-ket 13 oydan beri pasayib borgan avtomobillar savdosiga ta'sir ko‘rsatdi. 

Mavzuga oid