O‘zbekiston | 20:10 / 23.12.2019
1825
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy ekspertlar saylovchilar davomatini ijobiy baholadi

Bugun, 23 dekabr kuni Simpoziumlar saroyida Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov hamda qator senatorlar saylov jarayonlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun kelgan delegatsiyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Uchrashuvlardan birida Malayziya delegatsiyasi rahbari, Malayziya parlamenti quyi palatasi vitse-spikeri Mox Rashid ibn Xanson saylov jarayonidagi o‘z kuzatishlarini bayon qilar ekan, 3ta alohida organga saylov o‘tkazilganiga qaramay ovoz berish uchun bitta yagona quti o‘rnatilgani, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus kichik qutilarning joylashtirilganini ijobiy baholadi.

Xalqaro ekspertlar saylovchilarning umumiy davomatini ijobiy baholashdi.

Jumladan, Osiyo Parlament Assambleyasi bosh kotibi Muhammad Rizo Majidiyning qayd etishicha, 70 foizga yaqin saylovchining ovoz berishi juda ijobiy holat. Butun dunyoda parlament saylovlariga qatnashishning o‘rtacha ko‘rsatkichi 50 foiz.

Muhammad Rizo Majidiy

O‘zbekistondagi mazkur ovoz berish ko‘rsatkichi saylovchilar o‘z xohish-irodasi bilan o‘zi tanlagan nomzodini saylaganini ko‘rsatadi.

Gruziya parlamenti deputati Simon Nozadzening ta'kidlashiga ko‘ra esa, ovoz berish ko‘rsatkichi davlatdagi demokratiyani ham ko‘rsatib berdi.

Simon Nozadze

«Demak, saylovchilarga ovoz berish uchun hech qanaqa bosim bo‘lmagan. Elektoratning o‘zi ovoz berish uchun kelgan», deydi gruziyalik deputat.

Malayziya delegatsiyasi rahbari Mox Rashid bin Xanson ham 70 foiz atrofidagi saylovchilarning ovoz berganini yaxshi hodisa deb baholash mumkinligini alohida ta'kidlab, bu ovoz beruvchilarning ko‘ngilli tarzda nomzodlarini saylashganini anglatishini qayd etdi.

Mox Rashid bin Xanson

«Malayziyaga solishtiradigan bo‘lsak, bizda, taxminan, o‘rtacha 80-82 foiz odam ovoz beradi», deya o‘z solishtiruvlarini aytib o‘tdi Mox Rashid bin Xanson.

Ma'lumot uchun, 22 dekabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, shuningdek, viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlarda ro‘yxatga olingan jami 18,7 million nafar saylovchining 67,8 foizi ishtirok etdi. 150 ming saylovchi muddatidan avval ovoz berish huquqidan foydalandi.

Saylovda O‘zLiDeP 43ta, «Milliy tiklanish» 35ta, «Adolat» 21ta, O‘zXDP 18ta, Ekologik partiya esa 11ta deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritgan. 22ta okrugda saylovning ikkinchi turi o‘tkaziladi.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid