15:26 / 24.12.2019
2
19748

«Buning nimasi Porloq ko‘cha?» – Andijon tumanidagi bolalar faqat kunduzi dars tayyorlaydigan mahalla haqida

 Xalqimizning qishloq va mahallalarga nom tanlashiga tahsin aytmay iloj yo‘q. Elektr ta'minotidagi muammolar haqida arznoma yozgan ko‘chaning nomi Porloq ekan.

Andijon tumanidagi Zangibobo mahallasining ismi jismiga monand bo‘lmagan ko‘chasida 50dan ziyod xonadon bor.

 Simyog‘ochlari yo‘q ko‘cha

 Bizni kutib olgan aholi ko‘plab muammolarni aytgan bo‘lsa-da, ularning ichida eng og‘riqlisi – elektr tarmog‘i uchun simyog‘ochlar muammosi ekan. Ko‘chaga umuman simyog‘och o‘rnatilmagan. Barcha xonadonlar uylariga elektr tortilgan simni qo‘shni ko‘chalarda yashovchi xonadonlarni tomidan o‘tkazib olishgan ekan. Tomdan tomga o‘tgan simlar, qo‘lbola simyog‘ochlar orqali aholi o‘zi tortib olgan elektr tizimidan juda past quvvatdagi elektr energiyasi kelmoqda.

 «Havo sovishi bilan ro‘zg‘orda maishiy jihozlar – kir yuvish mashinasi, muzlatgich, dazmol, «duxovka»dan foydalanishning iloji yo‘q. Ikki ko‘cha naridagi eski transformatorga me'yoridan ko‘p xonadonlar ulangani oqibatida tinmay bitta faza yo‘q bo‘lib qolaveradi. Ko‘p kunlarimiz, tunlarimiz elektr muammosi bilan o‘tadi.

 Eng qiyini yosh bolalarga bo‘lyapti. Tokning quvvati pastligidan kechasi chiroqlar xuddi limondek xira yonadi.

 Oqshom bo‘lgach, dars tayyorlash imkonsiz. Farzandlarimiz maktabdan kelib, qorong‘i tushmay dars tayyorlab olishga urinishadi. 10 yildan beri shu ahvol», – deydi xonadon egalari Ra'noxon Mo‘ydinova va Shohidaxon To‘xtayevalar.

 Xonadonlarga kirdik. Egalari chiroqlarni yoqib ko‘rsatishdi. Juda xira. Bir xonadonda esa, tok quvvatini oshirish uchun laboratoriyada foydalaniladigan avtotransformator (LATR) qo‘yilganini ham ko‘rdik. Lekin barchaning ham bu qimmat uskunani sotib olishga qurbi yetmaydi.

 «Ko‘chamiz Andijon tumani va Andijon shahri o‘rtasidagi arosat joyda. O‘zimizning simyog‘ochlar bo‘lmaganligi sabab simni qo‘shni Sohibov va Mahfirat hoji ko‘chalaridagi xonadonlardan tortganmiz. Endi o‘sha ko‘chadagi qo‘shnilarimiz «O‘zimizga ham tok yetmay qolyapti. Simingizni uzib tashlaymiz», deyishyapti. Bormagan joyimiz qolmadi. Tuman elektr tarmoqlari va tuman hokimligiga arz qilib natija bo‘lmagach, shu yil aprel oyida viloyat hokimiga ham murojaat qildik. Hanuzgacha javob kutyapmiz.

 Simyog‘ochsiz, past kuchlanishli, sifatsiz elektr berilayotganiga qaramay, MIB tok haqini vaqtida undirib ketadi. Yaqinda elektr tarmoqlari xodimlari eng alamli talabni qo‘yib ketdi. Korxona xodimi kelib, «Elektr hisoblagichni qoidaga ko‘ra uydan olib chiqib simyog‘ochga o‘rnatinglar!», dedi. Biz unga «Simyog‘och yo‘q-ku?» deya e'tiroz bildirsak, xodim «Bu mening muammoyim emas», degan javobni aytdi.

 Ko‘chamizga kelib holimizni so‘raydigan mutasaddi yo‘q. Shag‘alni ham o‘zimiz olib kelib to‘kdik. Suyultirilgan gaz ballonlarni almashtirgani bundan besh oy oldin kelishgan», –deydi Gulchehra Hasanova va Odinaxon Mamadaliyeva.

 Tuman elektr ta'minoti korxonasida

 Aholi dardini eshitgach, yo‘limiz Andijon tuman elektr ta'minoti korxonasi tomon bo‘ldi. Tashkilot ishlab chiqarish muhandisi Akmaljon Imomovdan Porloq ko‘chasidagi muammo bo‘yicha izoh berishini so‘radik. Mutasaddi bu lavozimda ish boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan ekan.

 «Joriy yilda tuman bo‘yicha 35,2 kilometr yangi tarmoq tortib, 26ta yangi transformator o‘rnatdik. Yangi 2020 yilda 50ta MFYlarda yangi tarmoq tortish reja qilingan. Zangibobo MFYdagi Porloq ko‘chasi ham rejamizda bor. O‘zgarishlar navbati bilan bo‘lyapti», – deydi Imomov.

 Mutasaddilarga turli murojaatlar masalasida izoh so‘rasangiz, ularning eng jo‘yali javobi – «Rejalashtiryapmiz» yoki «Dasturga tushiramiz» bo‘ladi. Porloq ko‘chasining yangi yilga dasturga tushib, rejaga kiritilishi muammo.

 Ko‘cha aholisi esa qishni mana shunday ahvolda o‘tkazarmikin?

 Biz esa ularga Porloq ko‘chasida chiroqlar porlaganda kelamiz, deb va'da berdik...

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top